Shvetsiya delegatsiyasi O‘zbekiston Bolalar ombudsmanı bilan migrant bolalarni himoya qilish masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlisning Bola huquqlari bo‘yicha vakili (Bolalar ombudsmani)ning O‘zbekistonda ishchi tashrif doirasida bo‘lgan Shvetsiya delegatsiyasi bilan migratsiya va uning bolalarga ta’siri masalalarida uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.
Muloqot davomida Shvetsiya xalqaro rivojlanish va hamkorlik agentligi (SIDA) hamda Shvetsiya Adliya vazirligi vakillaridan iborat delegatsiya a’zolariga dastlab Bolalar ombudsmani faoliyati borasida ma’lumot berilib, Bolalar ombudsmani o‘rganayotgan Svetsiyadagi fuqarolarimizga oid real keyslar yuzasidan amaliy fikr almashildi.
Aytish kerakki, migratsiya – bu nafaqat iqtisodiy, balki ijtimoiy, huquqiy va madaniy jarayonlarni qamrab oluvchi murakkab hodisadir.
Ayniqsa, migratsiya jarayonida bolalar eng zaif qatlam - ular odatdagi oilaviy muhitdan uzilishi, barqaror ijtimoiy himoya tizimidan va huquqiy himoyadan tashqarida qolish
xavfiga duch kelmoqda.
Muhimi, uchrashuv davomida quyidagi yo’nalishlarda o‘zaro hamkorlik masalalari muhokama qilindi:
migrant oilalar bolalarining ta’lim va ijtimoiy himoyaga oid huquqlari, bolalarni xorijiy davlatga moslashuv bo‘yicha qo‘shma dasturni yo‘lga qo‘yilishi;
Shvetsiya qonunchiligi, madaniyati va ijtimoiy hayoti bo‘yicha xabardorlikni oshirish maqsadida o‘quv kurslari tashkil etish;
davlatlar o‘rtasida bola masalalari bo‘yicha idoralararo amaliy hamkorlik mexanizmini joriy etish.
Uchrashuv yakunida Shvetsiya delegatsiyasi tomonidan Bolalar ombudsmani faoliyatiga katta qiziqish bildirilgan ravishda, sohadagi muammolarni oldini olish, o‘zaro amaliy tajriba almashish orqali bola manfaatlari yo‘lida konstruktiv hamkorlikni yo‘lga qo‘yishga kelishildi.