ShHT ko‘rgazmasiga tayyorgarlik: Pekinda O‘zbekiston madaniy merosi namoyish etiladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Pekinda bo‘lib o‘tadigan “Shanxay Hamkorlik Tashkiloti mamlakatlari milliy muzeylarining buyuk madaniy merosi” ko‘rgazmasi arafasida Madaniyat va san’atni rivojlantirish jamg‘armasi raisi Gayane Umerova Xitoy Milliy muzeyi direktori janob Lo Venli bilan uchrashdi.
Tomonlar SHHT Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishi doirasida 2025-yil 27-avgustdan 16-noyabrgacha Xitoy Milliy muzeyida bo‘lib o‘tadigan ekspozitsiyaga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar. Bunda alohida e’tibor ko‘rgazmani tashkil etish va O‘zbekiston madaniy merosini namoyish etish masalalariga qaratildi.
Bundan tashqari, Jamg‘arma va Xitoy Milliy muzeyi o‘rtasidagi hamkorlikni yanada rivojlantirish, jumladan, qo‘shma ko‘rgazma loyihalari, ilmiy va ta’lim dasturlarini amalga oshirish hamda muzey sohasida tajriba almashish istiqbollari ko‘rib chiqildi.