Sherzod Shermatov AIM Kongressi bilan startapni rivojlantirish va mamlakatning raqamli transformatsiyasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov AIM Global Foundation raisi, AIM Kongress tashabbuskori Dovud al-Shezaviy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvning asosiy maqsadi – O‘zbekistonning raqamli transformatsiya yo‘nalishidagi tashabbuslari, texnologik startaplarni rivojlantirish masalalari, shuningdek, xalqaro hamkorlikni kengaytirish imkoniyatlarini muhokama qilishdan iborat bo‘ldi.
Dastlab mehmonlarga IT Park faoliyati haqida batafsil taqdimot o‘tkazildi. Unda IT Park rezidentlari tomonidan amalga oshirilayotgan xalqaro loyihalar, eksport hajmlari, O‘zbekiston AT-ekotizimining rivojlanish sur’atlari hamda kelgusi rejalar haqida ma’lumot berildi.
Shuningdek, delegatsiya a’zolari UZINFOCOM markazining faoliyati bilan ham yaqindan tanishdi. Mehmonlarga davlat axborot tizimlarini yaratish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar, mahalliy mutaxassislar tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion raqamli yechimlar, hamda sun’iy intellekt sohasida yo‘lga qo‘yilgan loyihalar namoyish etildi.
Uchrashuvda tomonlar o‘zaro hamkorlikni yo‘lga qo‘yish, istiqbolli startap loyihalarni qo‘llab-quvvatlash, hamda O‘zbekistonning raqamli ekotizimiga xorijiy investitsiyalarni jalb etish imkoniyatlari yuzasidan atroflicha fikr almashdilar.
Uchrashuv yakunida delegatsiyasi a’zolari joriy yilning 23–26-sentabr kunlari Toshkent shahrida bo‘lib o‘tadigan “ICTWeek Uzbekistan 2025” axborot-kommunikatsiya texnologiyalari haftaligiga taklif etildi.