Shenchjenda Oʻzbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi boʻlib oʻtdi
Shenchjenda Oʻzbekiston-Xitoy savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi boʻlib oʻtdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Xitoyning Shenchjen shahrida Namangan viloyati hokimligi tashabbusi, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Elchixonasi hamda Oʻzbekiston–Xitoy Savdo-sanoat palatasi koʻmagida “Oʻzbekiston–Xitoy (Shenchjen) savdo-iqtisodiy va investitsiya forumi” oʻtkazildi.
Forumda Namangan viloyati hokimi boshchiligidagi delegatsiya, Oʻzbekiston Respublikasining Xitoy Xalq Respublikasidagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Farhod Arziyev, Shenchjen shahri Xalq hukumati Xalqaro ishlar boshqarmasi boshligʻi Say Saysyan xonim, shuningdek, Xitoyning yirik xoldinglari, investitsiya va sanoat kompaniyalari rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar vakillari ishtirok etdilar.
Namangan viloyati hokimi Shavkatjon Abdurazzoqov oʻz nutqida hurmatli Prezidentimiz Shavkat Miromonovich Mirziyoyev rahbarligida Yangi Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan keng koʻlamli iqtisodiy va institutsional islohotlar, investitsiya muhitini yaxshilash, tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash, xorijiy sarmoyalar uchun ochiq va shaffof sharoitlar yaratish borasida erishilgan muhim natijalarga alohida toʻxtalib oʻtdi.
Forum ishtirokchilariga Namangan viloyatining sanoat, toʻqimachilik, agrosanoat, elektrotexnika, farmatsevtika, qurilish materiallari, logistika va eksportga yoʻnaltirilgan ishlab chiqarish sohalaridagi keng imkoniyatlari taqdim etildi.
Shenchjen shahri Xalq hukumati Xalqaro ishlar boshqarmasi boshligʻi Say Saysyan xonim Shenchjen shahri ishbilarmon doiralari Namangan viloyati bilan sanoat, innovatsiya, yuqori texnologiyalar va “yashil” iqtisodiyot yoʻnalishlarida hamkorlik qilishga katta qiziqish bildirayotganini taʼkidladi.
Forum doirasida B2B va G2B formatlarida qator ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi. Ushbu uchrashuvlar yakunlari boʻyicha umumiy qiymati 3,5 milliard AQSH dollaridan ortiq boʻlgan 27 ta investitsiya loyihasini amalga oshirish boʻyicha kelishuv va anglashuv memorandumlari imzolandi.
Ushbu loyihalarni amalga oshirish orqali Namangan viloyatida minglab yangi ish oʻrinlari yaratish, eksport hajmlarini oshirish hamda zamonaviy texnologiyalarni joriy etish koʻzda tutilgan.
Mazkur forum Namangan viloyatining xalqaro investitsion jozibadorligini oshirish hamda uzoq muddatli, oʻzaro manfaatli hamkorlikni yangi bosqichga olib chiqishda muhim ahamiyat kasb etdi.