Valyuta kurslari 02/05/2025
$1 – 12900.00
UZS – -0,16%
€1 – 14595.06
UZS – -0,59%
₽1 – 157.32
UZS – -0,81%
Qidirish
Iqtisod 02/05/2025 Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatidagi “Urganch klaster” yangi to‘qimachilik klasterini borib ko‘rdi

Shavkat Mirziyoyev Xorazm viloyatidagi “Urganch klaster” yangi to‘qimachilik klasterini borib ko‘rdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari Xorazmdagi “Urganch klaster”ning yangi korxonalari faoliyati bilan tanishdi.

Klasterning tashkil etilganiga besh yil bo‘lgan. Bugun u paxta xomashyosini yetishtirishdan tortib tayyor kiyim-kechak tikishgacha bo‘lgan barcha jarayonlarni qamrab olgan yaxlit “zanjir”. Uning tizimida 3 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Tadbirkor 8 ming 500 gektar maydonda yetishtirilgan paxtani 100 foiz qayta ishlaydi. Buning uchun paxta tozalash va yog‘ zavodlari bor.

Shu kunlarda klasterning ip-yigiruv hamda mato to‘qish quvvati ortdi. Qo‘shimcha investitsiya evaziga yana ikkita korxona faoliyati yo‘lga qo‘yildi. Germaniya, Yaponiya va Turkiyadan zamonaviy uskunalar keltirib o‘rnatildi.

Korxonada o‘quv-tajriba markazi tashkil etilgan. Tikuvchi va dizayner-mutaxassislar avval shu yerda o‘qitilib, keyin ishga qo‘yiladi.

Bularning natijasida ishlab chiqarish hajmi sezilarli ortdi. Yiliga 10 ming 800 tonna atrofida ip-kalava va 3 million dona tikuvchilik mahsulotlari tayyorlash quvvati yaratildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev yangi fabrikalarda bo‘lib, ish jarayoni, tayyor mahsulotlarni ko‘zdan kechirdi. Tikuvchi xotin-qizlar bilan suhbatlashdi. Ularning oylik maoshlari, mehnat sharoitlari bilan qiziqdi.

Bu yerda tayyorlanayotgan yuqori sifatli kiyim-kechaklarning katta qismi eksportga yo‘naltiriladi. Korxonaning yillik eksport salohiyati 28 million dollar atrofida.

Mahsulotlar turi va sifatini ko‘paytirib, eksport ko‘lamini kengaytirish, energiya tejamkorlik orqali mahsulot tannarxini kamaytirish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

#Shavkat Mirziyoyev  
Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling