Shavkat Mirziyoyev shifokorlar va farmatsevtlarning millat salomatligiga qoʻshgan hissasini taʼkidladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Prezident Shavkat Mirziyoyev tibbiyot va farmatsevtika xodimlari bilan uchrashuv o‘tkazmoqda.
Davlatimiz rahbari yig‘ilganlarni Sog‘liqni saqlash sohasi xodimlari kuni bilan samimiy tabrikladi, el-yurtimiz salomatligi posbonlari bo‘lgan barcha shifokor va hamshiralar, soha mutaxassislariga o‘zining chuqur hurmati va ezgu tilaklarini bildirdi.
“Bugun soha taraqqiyotiga xizmat qiladigan ko‘plab yangi tashabbuslarni sizlar bilan muhokama qilib olamiz.
Zamonaviy tibbiyotni farmatsevtikasiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bundan buyon ushbu bayramni “Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni” deb nishonlasak, o‘ylaymanki, sizlar buni qo‘llab-quvvatlaysizlar!
Bularning barchasi tibbiyot va farmatsevtika xodimlariga ko‘proq izlanish, ilg‘or davolash va profilaktika usullarini egallashda katta rag‘bat, kuch-g‘ayrat beradi deb ishonaman!”, – dedi Prezidentimiz.
Iqtisodiyotimizni barqaror rivojlantirish, odamlarni ishli va daromadli qilish, yoshlarga zamonaviy bilim va tarbiya berish, xalqimiz salomatligini mustahkamlash bo‘yicha islohotlar jadal olib borilayotgani ta’kidlandi.
So‘nggi yillarda tibbiyot sohasining o‘ziga 230 trillion so‘m (20 milliard dollar) yo‘naltirildi. Bu yilda 45 trillion so‘m, 2016-yilgidan esa 6 karra ko‘pdir.
Natijada joylarda 187 ta yangi poliklinika va shifoxona ishga tushdi, 1 ming 244 tasi rekonstruksiya qilinib, jihozlandi.
Birlamchi tibbiyot muassasalari quvvati 60 foizga oshib, tibbiy xizmat aholiga ancha yaqinlashdi. Ilgari asosan poytaxtda bajarilgan yuqori texnologik va diagnostika-davolash usullarining 400 dan ortig‘i hududlarda amalga oshirilmoqda. Yuzlab murakkab amaliyotlar viloyat markazlariga, kam invaziv operatsiyalar tuman darajasiga tushirildi.
“Birinchi marta 45 ta tumanda buyrak ko‘chirib o‘tkazish amaliyoti yo‘lga qo‘yilgani inson salomatligi borasidagi ishlarimizning yaqqol amaliy tasdig‘idir”, – dedi Prezidentimiz.
“Tibbiyotdagi o‘zgarishlarni qishloq va olis hududlarda yashayotgan millionlab odamlarimiz ham his qilyapti, xalqaro tashkilotlar, tahlil va reyting markazlari e’tirof etmoqda.
Yurtimizda o‘rtacha umr davomiyligi erkaklar o‘rtasida 71 dan 73 yoshga, xotin-qizlarning orasida esa 76 dan 77,5 yoshga uzaygani sizlar bilan erishgan katta yutug‘imiz, desam to‘g‘ri bo‘ladi.
Albatta, mashaqqatli mehnat mahsuli bo‘lgan bunday ezgu ishlarda 600 mingdan ziyod jonkuyar tibbiyot xodimlarining munosib hissasini e’tirof etib, har qancha rahmat aytsak, arziydi”, – dedi davlatimiz rahbari.
Shundan so‘ng Prezidentimiz davlatimizning yuksak unvon, orden va medallariga sazovor bo‘lgan insonlarga ana shu mukofotlarni topshirdi.
Ularning orasida dunyoning nufuzli oliygohlarida ta’lim va tajriba olib, yurtimizga qaytib kelib ishlayotgan, yuqori texnologik muolajalarni amalga oshirayotgan yosh shifokorlar ham bor.
Davlatimiz rahbari aholi salomatligini saqlashda yaqindan ko‘mak berayotgan xorijiy hamkorlarga alohida hurmat va ehtiromini izhor etdi.
Prezidentimiz ushbu yig‘ilish xalqimiz uchun ham, tibbiyot sohasi va uning vakillari uchun ham foydali bo‘lishi kerakligini ko‘rsatib o‘tdi. Shu bois, yechimini kutayotgan masalalarni ochiq-oydin gaplashib olishni taklif etdi.
Inflyatsiyani jilovlash, oziq-ovqat mahsulotlarining narxini barqaror ushlab turish bo‘yicha ko‘p ishlar qilinmoqda. Lekin aholi daromadining katta qismini aslida dori-darmonga sarflayotgani qayd etildi.
“Ixtisoslashgan markazlarga so‘nggi besh yilda 7,5 trillion so‘m mablag‘ berildi. Ular minglab eng zamonaviy uskunalar bilan jihozlandi. Dori yetmayapti deb birorta markaz ayta oladimi?
Mana shu mablag‘lar, uskunalar va dori-darmonlar qanday ishlatilyapti? Afsuski, uskunalarning quvvatidan bor-yo‘g‘i 25 foiz foydalanilyapti”, – dedi Prezident.
Raqamlashtirish, xorijdan hamkor topish, klinik protokollarni yangilash, ilg‘or diagnostika, profilaktika va davolashni uddalaydigan zamonaviy jamoani shakllantirish bo‘yicha ishlamagan markaz, tuman, viloyat sog‘liqni saqlash boshqarma va bo‘limlarining kelajagi yo‘qligi qayd etildi.
Qaysi mahallada, tumanda qanday kasallik ko‘paygan yoki kamayganini tahlil qilib, ularning oldini olish hamda samarali davolash bo‘yicha aniq reja bilan ishlash, respublika markazlari bunday tahlil va yondashuv bilan ishni pastda tashkil qilishi, katta-katta mablag‘ evaziga olib berilgan eng zamonaviy uskunalardan samarali foydalanish har qachongidan ham dolzarb ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Prezidentimiz bu ishlarning ahvolini aniq misollar asosida tahlil qildi.
Misol uchun, oxirgi besh yilda oshqozon kasalliklari 1,5 barobar qisqargan bo‘lsa-da, Qashqadaryo va Navoiyda deyarli o‘zgarish bo‘lmagan. Yakkabog‘da shifokorlarga bo‘lgan murojaatlarning 33 foizi, G‘uzorda 29 foizi, Koson va Mirishkorda esa 25 foizi oshqozon-ichak kasalliklari bilan bog‘liq.
Shifokorlarimiz aholiga, ayniqsa, bolalarga haligacha antibiotiklarni pala-partish qo‘llab kelayotgani tanqid qilindi. Tumanlarga tushib, shifoxona va poliklinikadagi vrachlarga qaysi dori mumkin, qaysi biri mumkin emasligini o‘rgatish ishlari sust.
Boshqa bir misol, buyrak kasalliklarining ulushi Qoraqalpog‘iston, Xorazm, Farg‘ona va Andijonda respublika ko‘rsatkichidan 40-50 foizga yuqori.
Mazkur hududlarda bu kasalliklar yillar davomida kamaymasdan kelayotgani Urologiya markazi va Nefrologiya markazi rahbariyatini xavotirga solishi, ular pastga tushib, buyrak kasalliklarining oldini olishni o‘rgatishi kerakligi ko‘rsatib o‘tildi.
Qarshi shahri, Angor va Bo‘ston tumanlarida yurak-qon tomir kasalliklari yuqori bo‘lishiga qaramasdan, Kardiologiya markazi bu borada aniq chora-tadbir belgilamagan. Bu markazga uch yil oldin 5 million dollarga olib berilgan zamonaviy laboratoriya va simulyatsiya uskunalari bir kun ham ishlatilmagani qayd etildi.
Endokrin kasalliklarning dorisi uchun har yili 100 milliard so‘m ajratilmoqda. Lekin qalqonsimon bez kasalligi Qoraqalpog‘iston, Samarqand, Surxondaryo va Jizzaxda yuqoriligicha qolmoqda.
Endokrinologiya markazi xizmatlarning narxini bir yilda 35 foizga oshirgan, lekin kasalliklarning profilaktikasini o‘ylagani yo‘q.
Bugun xususiy klinikalar davlat shifoxonalari bilan tengma-teng turib, ayrim yuqori texnologik xizmatlar bo‘yicha oldinga ham o‘tib ketgani ta’kidlandi.
Masalan, jarrohlikda robot texnologiyalari ham birinchilardan bo‘lib xususiy sektorda qo‘llandi. Lekin Neyroxirurgiya, Xirurgiya markazlarining esa robot yordamidagi operatsiyalarni qachon yo‘lga qo‘yish bo‘yicha rejasi yo‘q.
Yaqinda Respublika onkologiya markazi rahbari ishdan olinib, o‘rniga Turkiyadan malakali boshqaruvchi qo‘yildi. Bu markazga Fransiyaning dunyo tan olgan “Gustav Russi” klinikasi ham jalb qilindi. Ularning klinik protokollarini tatbiq etish boshlanadi.
“Barcha markaz rahbarlari eshitib olsin: markazlar shaxsiy mulk emas, ularning barchasi davlatniki, xalqniki!
Har bir markaz rahbari xulosa chiqarib, o‘ziga bir yillik katta reja olishi kerak. Ular uch oyda xorijdan hamkor topib, o‘zi o‘zgarish qiladi yoki bu ishni ularsiz qilamiz”, – dedi Prezidentimiz.
Viloyat, tuman tibbiyot rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari ham haligacha eskicha yondashuv, eskicha uslubda ishlayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Hududlarga qancha mashaqqatlar bilan olib kelingan uskunalar to‘liq ishlatilmayapti, ayrimlarining qadog‘i hali ochilmagan.
Misol uchun, Gurlan tumani shifoxonasiga 300 ming dollarga olib berilgan MSKT apparati quvvatiga nisbatan atigi 9 foizga xizmat ko‘rsatyapti. Yoki Navoiy viloyat shoshilinch markazidagi qariyb 1 million dollar turadigan angiograf 4 foiz yuklama bilan ishlamoqda.
Ularning mas’ullari xususiy klinikalarga borib, tadbirkorlar bunday apparatlarni qanday samarali ishlatayotganini ko‘rishi, o‘rganishi kerakligi qayd etildi.
“Bugun odamlarning hayotga munosabati ham, talab va ehtiyojlari, dunyoqarashi ham tubdan o‘zgardi. Bu boshqa sohalar qatori tibbiyotda ham sifatni oshirish, zamonaviy yondashuvlarni olib kirish bo‘yicha oldimizga yangi vazifalarni qo‘ymoqda.
Shu bois, noyabr-dekabr oyida qattiq tayyorgarlik ko‘rib, yanvardan tibbiyotda xalqning bahosini eshitadigan tizimni joriy qilamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
Endilikda 26 ta markaz direktorlari, viloyat, tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlari bir oylik aniq reja asosida ishlashga o‘tadi.
Ushbu rahbarlar televideniye va ijtimoiy tarmoqlarda chiqib, zimmasiga olgan vazifalarni, qaysi kasalliklar ko‘p uchrayotgani va ularni qanday kamaytirishni aholiga e’lon qilib boradi. Shuningdek, odamlarga murojaat qilib, sog‘lig‘iga e’tibor qilish, tibbiy ko‘rikdan vaqtida o‘tish, to‘g‘ri ovqatlanish va jismoniy faollikni tushuntiradi.
Markaz rahbarlari o‘z sohasida eng og‘ir tuman va mahallaga boradi. Bir oy qolib, kasalliklarning sabablarini o‘rganib, ularga yechim beradi, oilaviy poliklinika va tuman shifoxonalarining vrachlarini kasallikni davolashga o‘rgatadi.
Bundan buyon viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlarining kunlik qabuli mahallada o‘tkaziladi.
“Shunda xalq bilan muloqot paydo bo‘ladi, odamlarimiz bundan rozi bo‘ladi, tibbiyot tizimiga xolis bahoni o‘zi beradi.
Shu o‘rinda viloyat, tuman tibbiyot rahbarlari va bosh shifokorlar, poliklinika mudirlariga murojaat qilmoqchiman. Ular o‘ziga savol bersin: bemor shifoxona va poliklinikaga kelganda qancha vaqt sarflayapti, olgan xizmatidan qanchalik ko‘ngli to‘lyapti?
Mazkur rahbarlar o‘zini bemorning o‘rniga qo‘yib, eshikdan boshlab, vrach qabuliga kirish uchun xonama-xona yursa, rentgen, laboratoriya, UZI, EKG uchun boshqa-boshqa qavatga chiqib-tushsa, shunda odamlarning holatini tushunib, bu savolga javob topadi.
Shu bois, har bir viloyat, tuman tibbiyot rahbari, bosh shifokor va poliklinika mudiri bemorga e’tiborli bo‘lib, dardiga shifo izlab kelgan har bir odamning ishi tez bitishi uchun barcha sharoitlarni yaratishi shart!”, – dedi Prezident.
Tuman va viloyat bosh shifokorlari respublika markazlari bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan, integratsiyalashgan tizim joriy qilinishi belgilandi.
Ular hududidagi kasalliklarning turi va dinamikasiga qarab, markazlarga buyurtma beradi. Bunda nafaqat davolash usullari, balki kasalliklarning oldini olish, shifokorlarning malakasini oshirish kabi aniq masalalarni qo‘yadi.
Yangi yildan aniq mezonlarni belgilab, 26 ta markaz direktorlari, viloyat va tuman sog‘liqni saqlash rahbarlari, oilaviy poliklinika mudirlarini lavozimga qo‘yishda yangi tartib joriy qilinadi.
Bunda barcha tibbiyot muassasalarida rahbar va bosh shifokor lavozimlari bir-biridan ajratiladi. Ularga rahbarlar menejerlikka o‘qigan, yaxshi natijalar ko‘rsatgan tadbirkorlar orasidan tayinlanadi.
Rahbarlarni rag‘batlantirish tizimi ham o‘zgartiriladi.
Tuman va viloyat darajasida kasalliklarning oldini olish va samarali davolash bo‘yicha yangiliklar olib kirgan, bemorlarni hududning o‘zida davolay olgan, dori berishni tartibga keltirgan, shifoxonasiga yaxshi kadrlarni jamlab, ularni muntazam o‘qitib borayotgan, sog‘lom muhit va sifatli servisni yo‘lga qo‘ygan, raqamlashtirishni to‘liq yakunlagan eng zo‘r viloyat, tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlari, oilaviy poliklinika mudirlariga “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan tibbiyot xodimi” unvoni, orden va medallar, 30 million so‘mdan pul mukofoti beriladi.
Ular rahbarlik qilayotgan shifoxona va poliklinika infratuzilmasini yaxshilashga 500 million so‘mdan ajratiladi.
Har bir viloyatda eng yaxshi 2 ta tumanning sog‘liqni saqlash bo‘limi rahbari va oilaviy poliklinika mudiri AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya, Koreya, Turkiya kabi tibbiyoti rivojlangan mamlakatlarga menejerlikka o‘qitish uchun yuboriladi.
Bunday tanlov 26 ta ixtisoslashgan markaz uchun ham bo‘ladi.
Jumladan, klinik protokollarni eng ilg‘or tajribalar asosida yangilagan, davolashning yangi usullarini joriy qilgan, tuman va mahallada ishni to‘g‘ri tashkil qilgan, xorijdan yaxshi hamkor topib, mutaxassis va investitsiyalarni olib kelgan, markazini zamonaviy uskunalar va laboratoriyalar bilan jihozlagan, tibbiy xizmatlar eksportini karrasiga oshirgan markaz direktorlari, filiallar rahbarlari ham munosib taqdirlanadi.
“Shunday qilsak, poliklinikada, tuman va viloyat shifoxonalarida, respublika markazlarida raqobat va ishchanlik muhiti paydo bo‘ladi, yaxshi tajribalar yuzaga chiqadi, munosib soha vakillari adolatli mukofotlanadi, g‘ururi yuksaladi.
Xalqimiz ham buning bevosita ishtirokchisiga aylanadi”, – dedi Prezidentimiz.
Bugungi uchrashuv salkam bir asrdan buyon shifokor tayyorlab kelayotgan Toshkent davlat tibbiyot universitetida bo‘layotgani bejiz emas.
“Tibbiyotga yuqori texnologik uskunalar olib kiryapmiz, yangi klinikalarni barpo etyapmiz. Ularda kim ishlaydi? Albatta, Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari bo‘lgan o‘g‘il-qizlarimiz mehnat qiladi.
Shu bois, tibbiy ta’limdagi islohotlarimizni davom ettirib, oilaning barcha yoshdagi a’zolariga malakali tibbiy xizmat ko‘rsata oladigan oilaviy shifokorlik institutini rivojlantirishimiz zarur”, – dedi Prezident.
Kelgusi o‘quv yilidan tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida pediatriya va davolash yo‘nalishlarini o‘z ichiga olgan umumiy tibbiyot fakulteti ochilishi e’lon qilindi. Ularda oilaviy shifokorlik mutaxassisligi bo‘yicha rezidentura va magistratura ham yo‘lga qo‘yiladi.
Rezidenturada ta’lim olayotgan talabalar bepul o‘qish bilan birga oilaviy shifokor sifatida ishlab maosh oladi. Rezidentura bitiruvchisi oilaviy shifokorlik bo‘yicha tor soha diplomi va 150 foizli ustama oladi.
Bundan buyon tibbiy ta’lim sifatini baholash bo‘yicha uch bosqichli tizimga o‘tilishi belgilandi.
Tibbiyot oliygohlarining bakalavr bosqichida talabalarning fundamental va klinik fanlar bo‘yicha bilimi baholanadi. Rezidenturani tugatgan shifokorlar esa ixtisosligi bo‘yicha imtihondan o‘tkaziladi. Shundan keyin mutaxassis davlat ro‘yxatidan o‘tadi va unga tibbiy faoliyat yuritishga ruxsat beriladi.
Ko‘p vaqtini bemor oldida o‘tkazadigan ham, muolajalarni bajaradigan ham – hamshiralar.
Endilikda oddiy muolajani qiladigan emas, tashxis, davolash va profilaktikada shifokorga ko‘makchi bo‘ladigan hamshiralarni tayyorlashga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Buning uchun Hamshiralar akademiyasi Toshkent davlat tibbiyot universiteti tasarrufiga o‘tkazilib, negizida Oliy kasbiy tibbiyot akademiyasi tashkil qilinadi.
Akademiya AQSH, Germaniya, Buyuk Britaniya kabi davlatlar oliygohlari bilan birga kelasi yildan oliy ma’lumotli hamshira tayyorlashni boshlaydi.
Kelgusi yildan barcha tibbiyot oliygohlarida oliy hamshiralik ishi yo‘nalishi ochiladi va kvota 2 karra, 2027-yildan esa kamida 20 foizdan oshirib boriladi.
Bundan maqsad – yaqin yillarda oliy ma’lumotli hamshiralarning ulushini 10 foizga yetkazish.
Oliy ma’lumotga ega, shifokor bilan yonma-yon turadigan bunday hamshiralarning mehnati munosib rag‘batlantiriladi. Kelgusi yildan oliy ma’lumotli hamshiralarning maoshiga 100 foiz ustama beriladi.
Ayni paytda o‘rta ma’lumotli hamshiralarni tayyorlash tizimi ham o‘zgartiriladi.
Bu borada Angliyaning “Pirson” kompaniyasi bilan har bir hududdagi bittadan texnikumda xalqaro standart asosida hamshiralarni tayyorlash boshlandi. Buning davomi sifatida Germaniya, Shveytsariya, AQSH kabi davlatlarning ta’lim dasturlari olib kiriladi.
Shular orqali xalqaro talablarga javob beradigan, xorijiy tillarni biladigan hamshiralarning korpusi shakllantiriladi.
Buyuk bobokalonimiz Abu Ali ibn Sinoning “Tabib doimo o‘z bilimini yangilab turmog‘i lozim. Zero, tan va tabiat doim yangilanib turadi”, degan hikmatli so‘zlari oradan ming yil o‘tgan bo‘lsa ham, o‘z ahamiyatini zarracha yo‘qotmagani ta’kidlandi.
Bugungi davr shifokori zamonaviy texnologiya, davolash va diagnostika usullaridan xabardor bo‘lishi, o‘z ustida doimiy ishlab borishi shartligi qayd etildi.
Shu bois, tibbiyot xodimlarining malakasini uzluksiz oshirib boradigan yangi tizim bo‘ladi.
Kelgusi yildan malaka oshirishning masofaviy, robot-simulyator, amaliy, ish joyida mustaqil tayyorgarlik kabi turlari yo‘lga qo‘yiladi.
Malaka oshirish talablari va baholash mezonlarini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadigan Uzluksiz kasbiy tibbiyot ta’limi markazi tashkil qilinadi.
Ko‘p sohalar qatori tibbiyotda ham xususiy sektor jadal rivojlanib bormoqda.
So‘nggi sakkiz yilda xususiy klinika va laboratoriyalar soni 3 karra ko‘payib, 9 mingga, ulardagi shifo o‘rinlari esa 57 mingga yetdi.
Prezidentimiz hozirda tibbiy xizmatlarning 30 foizi xususiy sektor tomonidan ko‘rsatilayotgani, ilg‘or tashabbuslar ham ulardan chiqayotgani quvonarli hol ekanini ta’kidlab, ularning xususiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha barcha takliflarini ko‘rib chiqishga tayyorligini bildirdi.
Xususiy tibbiyot klinikalarida ko‘rsatilayotgan xizmat narxlari respublika markazlaridan arzon ekani ko‘rsatib o‘tildi.
Mutasaddilarga respublika markazlaridagi xizmat narxlarini adolatliligini ko‘rib chiqish, xususiy klinikada xuddi shu xizmatlar arzon va sifatli bo‘lsa, tibbiy sug‘urta mablag‘ini ularga to‘lab berish topshirildi.
Kelgusida ham tibbiyotda xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha sharoitlarni yaratish davom ettirilishi ta’kidlandi.
Xususan, kelgusi yildan tibbiy uskuna, jihoz va tez yordam mashinalarini olib kirish bo‘yicha imtiyoz 3 yilga uzaytiriladi.
Umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish bo‘yicha berilgan imtiyoz xususiy tibbiyot tashkilotlariga ham qo‘llanadi.
Zamonaviy ko‘p tarmoqli klinikalarni tashkil qilish va ularni jihozlash uchun tadbirkorlarga 200 million dollarlik imtiyozli resurs ajratiladi.
Bu mablag‘lar kelgusi yildan boshlab tadbirkorlarga 7 yil muddatga 3 yil imtiyozli davr bilan 17 foiz stavkada beriladi.Prezidentimiz tibbiyot xodimlarining mehnatiga qo‘shimcha rag‘batlarni e’lon qildi.
Endilikda har yili Tibbiyot va farmatsevtika xodimlari kuni munosabati bilan davlat tibbiyot muassasalarining barcha xodimlariga pul mukofoti beriladi.
Tumanda yangi davolash usulini joriy qilgan shifokorlar 21 million so‘mdan mukofot oladi.
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 15 yil ishlagan tibbiyot xodimlariga sanatoriylarga bepul yo‘llanma beriladi, davlat oliygohlariga o‘qishga kirgan farzandining bir yillik kontrakt summasiga 30 foiz chegirma taqdim etiladi, har yili faoliyatida alohida natijalarga erishgan 500 nafariga ipoteka krediti boshlang‘ich badalining 25 foizi kompensatsiya qilinadi.
Davlat tibbiyot muassasalarida kamida 3 yillik stajga ega tibbiyot xodimlariga zarurat tug‘ilganda yiliga bir marta yuqori texnologik ixtisoslashgan tibbiy yordam bepul ko‘rsatiladi.
Xalqaro tan olingan indekslanuvchi jurnallarda ilmiy maqola chiqarishga sarflangan xarajatlar to‘liq qoplab beriladi.
Tibbiyot xodimlariga barcha turdagi davlat xizmatlarining to‘lovi 2 karra kamaytiriladi. Bunga qo‘shimcha 100 milliard so‘m ajratiladi.
“Agar tibbiyot xodimi oilasi va farzandlariga ko‘proq vaqt ajratsa, o‘z ustida chuqurroq ishlasa, shaxsiy rivojlanish, kasbiga bo‘lgan muhabbat, eng muhimi, ishidagi sifat va unum yanada oshadi.
Shuning uchun kelgusi yil 1-apreldan davlat tibbiy muassasalaridagi oyliklarni to‘liq saqlab qolgan holda ish haftasini hozirgi olti kunlikdan besh kunlikka o‘tkazamiz”, – dedi davlatimiz rahbari.
Jizzax tog‘larining eng so‘lim go‘shalaridan birida qad ko‘targan alohida dam olish maskani tibbiyot xodimlari uchun tuhfa qilinadi.
Uchrashuvda soha vakillari bilan muloqot bo‘lib o‘tdi. Davlatimiz rahbari ularning takliflari, fikr-mulohazalarini tingladi.
“Men shifokor egnidagi oq libosni nafaqat kasb belgisi, balki Vatanga cheksiz sadoqat ramzi deb bilaman.
Bundan buyon ham shifokorning, har bir tibbiyot xodimining obro‘sini himoya qilish, unga har tomonlama munosib sharoit yaratish e’tiborimiz markazida bo‘ladi.
Ishonchim komil, biz birgalikda Yangi O‘zbekistonni boshqa sohalar qatorida tibbiyoti ham rivojlangan davlatga aylantiramiz.
Barchangizga shu yo‘lda sihat-salomatlik, kuch-g‘ayrat, g‘oyat mas’uliyatli va sharafli faoliyatingizda ulkan yutuqlar, oilaviy baxt-saodat tilayman”, – dedi Prezidentimiz uchrashuv yakunida.
#Shavkat Mirziyoyev