Shavkat Mirziyoyev Namangan viloyatidagi “Firdavs” bolalar bog‘chasida bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Davlatimiz rahbari Namangan shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazini borib ko‘rdi.
Mamlakatimiz Konstitutsiyasi, aholini ijtimoiy himoya qilish strategiyasi asosida insonni qadrlash ko‘lami kengaydi, bu sohadagi xizmatlar ehtiyojmandlarga yaqinlashtirilmoqda. Xususan, shu yil mart oyidan boshlab O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi. Bunday loyihalar xususiy sheriklik asosida, davlat tomonidan subsidiya orqali amalga oshirilmoqda.
Tadbirkor Sayyora Qosimova tomonidan tashkil etilgan “Firdavs” kunduzgi parvarish markazi ulardan biri. Markaz 36 o‘ringa mo‘ljallangan bo‘lib, maxsus ta’lim va reabilitatsiya xizmatlari ko‘rsatiladi. Bolalar kun davomida to‘qqiz soatlik individual o‘quv-trening dasturlari bilan qamrab olinadi. Mashg‘ulotlarni malakali nevropatolog, defektolog, surdolog, audiolog, pedagog va psixologlar olib boradi.
Bu xizmatdan foydalanayotgan onalar farzandlariga mehri va g‘amxo‘rligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi. Ularning aytishicha, oldinlari bunday bolalar faqat uyda o‘tirar, jamiyatdan ajralib qolardi. Yangi ijtimoiy himoya tizimi tufayli endi ular ham “yorug‘likka” chiqyapti. Nogironligi bor bolalar inklyuziv ta’limga, qiziqarli dars va mashg‘ulotlarga jalb etilib, hayotiy ko‘nikmalarni o‘rganyapti. Bu nogiron farzandi bor oilalar uchun juda katta madad va taskindir.
Prezident yurtimizda hech kim e’tibordan chetda qolmasligi, bunday ijtimoiy loyihalar miqyosi kengaytirilishini ta’kidladi.
Davlatimiz rahbari shu yerdagi “Faol hayotga qadam besh xizmat” mas’uliyati cheklangan jamiyati faoliyati bilan ham tanishdi.
Markaz shu yil tadbirkor Xosiyat Ortiqovaning shaxsiy mablag‘i hisobidan tashkil etilgan. Bu yerda o‘zgalar parvarishiga muhtoj shaxslar uchun zamonaviy qulayliklar, tibbiy va reabilitatsiya xizmatlari yo‘lga qo‘yilgan. Markaz 16 o‘ringa mo‘ljallangan.
Bu yerda tibbiy mutaxassislar tomonidan individual dasturlar asosida har kuni 8 soatlik mashg‘ulot o‘tkaziladi. Ular insonlarning sog‘lig‘ini tiklash, funksional imkoniyatlarini oshirish va ijtimoiy hayotga qaytarishga yordam beradi.
Muhimi, o‘tgan davr mobaynida amalga oshirilgan muolajalar samara bera boshladi. Xususan, sakkiz nafar shaxsning o‘z-o‘ziga xizmat qilish darajasi yaxshilandi, besh nafarning oila a’zosi ishga joylashdi.
“Faol hayotga qadam” dasturi va kunduzgi parvarish insonlarga sog‘lom hayotga qaytish, oilalarga esa iqtisodiy va ijtimoiy imkoniyatlarni oshirish imkonini bermoqda. Bu xizmatlar orqali faqatgina bemorlar hayotida emas, balki ularning oilalarida, jamiyatda ijobiy o‘zgarishlar kuzatilmoqda.
Bu sohadagi davlat-xususiy sheriklik dasturiga respublika bo‘yicha 600 nafar tadbirkor qo‘shilgan bo‘lib, ularning 46 nafari Namangan viloyatida faoliyat yuritmoqda. “Faol hayotga qadam” dasturi bilan yurtimizdagi o‘zgalar parvarishiga muhtoj 24 ming fuqaro, kunduzgi parvarish xizmati bilan 3 mingga yaqin nogironligi bo‘lgan bolalar qamrab olingan.
#Shavkat Mirziyoyev