SHARE Architects ilk Bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan mamlakat forumiga dunyoning nufuzli meʼmorlaridan iborat delegatsiyani olib keladi — UzDaily.uz
Valyuta kurslari 09/09/2025
$1 – 12439.41
UZS – -0,65%
€1 – 14583.96
UZS – -0,34%
₽1 – 151.87
UZS – -1,19%
Qidirish
SHARE Architects ilk Bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan mamlakat forumiga dunyoning nufuzli meʼmorlaridan iborat delegatsiyani olib keladi

SHARE Architects ilk Bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan mamlakat forumiga dunyoning nufuzli meʼmorlaridan iborat delegatsiyani olib keladi

SHARE Architects ilk Bor Oʻzbekistonda oʻtkaziladigan mamlakat forumiga dunyoning nufuzli meʼmorlaridan iborat delegatsiyani olib keladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 15 mamlakatdan 30 dan ortiq yetakchi me’morlardan iborat delegatsiya ilk bor Oʻzbekistonga tashrif buyurib, 2025-yil 22–23 sentabr kunlari boʻlib oʻtadigan SHARE Uzbekistan Xalqaro Me’morchilik va Shaharsozlik Forumida ishtirok etadi.

Delegatsiya tarkibiga dunyoga mashhur xalqaro studiyalar meʼmorlari kiradi, jumladan Daniyadagi “Bjarke Ingels Group”, Buyuk Britaniyadagi “Zaha Hadid Architects”, Fransiyadagi “XTU Architects” va Xitoydagi “MAD Architects” meʼmorchilik byurolari hamda boshqalar.

Forumni SHARE Architects tashkil etmoqda – Markaziy va Sharqiy Yevropa va Kavkaz mintaqasida deyarli 30 yildan beri me’morlar va pudratchilarni birlashtirib kelayotgan xalqaro tashkilot. Toshkentdagi tadbir esa tashkilotning Markaziy Osiyodagi ilk faoliyati bo‘ladi.

O‘zbekiston hozirda jadal shaharsozlik o‘zgarishlari jarayonidan o‘tmoqda. Aqlli va barqaror rivojlanishga qaratilgan yirik loyihalar xalqaro me’morlik studiyalari, pudratchilar va muhandislik kompaniyalarining katta e’tiborini tortmoqda. Toshkentda ilk bor o‘tkaziladigan SHARE Forumi esa o‘zbek me’morlari, pudratchilari va rivojlantiruvchilariga xalqaro hamkorlar bilan muloqot qilish, tajriba almashish hamda ilg‘or g‘oyalarni o‘rganish imkoniyatini yaratadi.

Forum, shuningdek, xalqaro me’morlarga O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan dinamik o‘zgarishlarni bevosita ko‘rish va mamlakat shaharlarini rivojlantirish jarayoniga hissa qo‘shish imkoniyatini taqdim etadi. SHARE Forumi O‘zbekiston Respublikasi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi ko‘magida o‘tkazilmoqda. Vazir o‘rinbosari Davronjon Adilov SHARE Forumini “o‘ziga xos maydoncha” sifatida e’tirof etib, u “o‘zbek me’morlik maktabining professional o‘sishi va rivojlanishiga turtki berishini” ta’kidladi.

“Biz ishonamizki, xalqaro va mahalliy tajriba sinergiyasi oʻziga xos, zamonaviy va shu bilan birga madaniyatimizga uygʻun tarzda sindirilgan meʼmorchilik yechimlarini yaratish uchun poydevor boʻlib xizmat qiladi”, – deya qoʻshimcha qildi u.

“Perfect Design arh” me’morlik studiyasi asoschisi va O‘zbekiston bo‘yicha SHARE elchisi Dilnoza Ahmadning ta’kidlashicha, bo‘lib o‘tadigan forum “o‘zbek me’morchiligini xalqaro kontekstda namoyish etish uchun strategik imkoniyat” bo‘lib, shu bilan birga “mintaqaviy va global hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi.”

Forum dasturi ikki kunlik ma’ruza va dinamik muhokamalardan iborat bo‘ladi. Birinchi kun shaharlarni o‘zgartirish jarayonida urbanizm va jamoat binolarining o‘rniga bag‘ishlanadi. Unda “Yangi Toshkent” loyihasining bosh me’mori Saidazim Sharipov hamda barqaror va vizual shaharsozlik bo‘yicha g‘oyalari xalqaro e’tirofga sazovor bo‘lgan “Bjarke Ingels Group” hamkorlaridan biri – Kay-Uve Bergman ishtirok etadi.

Shu kuni, shuningdek, inson markazidagi shaharlarni loyihalash mavzusida muhokama bo‘lib o‘tadi. Unda “Pargram Studio” vakili Balazs Csapo, “AlmatyGenPlan” ilmiy-tadqiqot institutidan Askhat Sudov va “New London Architecture” asoschilaridan biri Piter Myurrey o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashadilar.

Ikkinchi kuni mashhur o‘zbek studiyasi “ARC” me’mori Bobir Klichev, “Architype” vakili Diana Morari-Korotki va “Enota Studio” asoschisi Din Lah “jonli me’morchilik” konsepsiyasi bo‘yicha o‘z tajribalari bilan bo‘lishadilar. Ushbu yondashuvda inson salomatligi va farovonligini qo‘llab-quvvatlovchi tiklovchi hamda interaktiv muhitlarni yaratish muhim o‘rin tutadi.

Boshqa sessiyalarda moslashuvchan meʼmorchilik va fasad yangiliklariga bagʻishlangan taqdimotlar boʻlib oʻtadi. Unga “TAM Associati” meʼmorchilik byurosidan Simone Sfriso va Oʻzbekistondagi yetakchi “ARC” studiyasidan Bobir Klichev oʻz hissasini qoʻshadilar. Kun tartibida, shuningdek, yirik shaharsozlik va meʼmorchilik loyihalarini amalga oshirishga oid muhokamalar ham boʻlib oʻtadi. Unda Oʻzbekiston Yashil Qurilish Kengashidan (UzGBC) Temur Axmedov, “Landschaftsarchitekten” meʼmorchilik byurosidan Rayner Shmidt, “Kohn Pedersen Fox” meʼmorchilik byurosidan Jon Bushel va “Zaha Hadid Architects” meʼmorchilik byurosidan Paolo Mattuzzi oʻz qarashlari bilan oʻrtoqlashadilar.

“Bizni O‘zbekistonda – madaniyatlar, tarixlar va intilishlar chorrahasida – SHARE Forumini boshlash juda ilhomlantirmoqda. Ishonchim komilki, dunyoga mashhur me’moriy amaliyotlarning ishtiroki mahalliy o‘ziga xoslikni chuqur anglash bilan uyg‘unlashganda, zamonaviylik va an’ana barqaror kelajak yo‘lida birgalikda xizmat qiladigan loyihalarni yaratadi,” – dedi SHARE Architects asoschisi Florin Mindirijiu.

Forum yakunida Toshkentning me’moriy yodgorliklari bo‘ylab kechki sayohat hamda spikerlar bilan uchrashuv tadbiri o‘tkaziladi. Bu esa jahon tajribasini mahalliy tashabbuslar bilan uyg‘unlashtirib, Toshkent va butun mintaqaning kelajakdagi rivojlanishi uchun noyob imkoniyat yaratadi.

Forum rasmiy hamkor “Manar Development” kompaniyasi, shuningdek, milliy hamkorlar “Grohe” kompaniyasi (santexnika yechimlari) va “Walter Engineering in Aluminum” kompaniyasi, “Thorn” va “Zumtobel” kompaniyalari (yoritish tizimlari texnologiyalari), va Dilnoza Ahmad Arxitekturasi bilan birgalikda tashkiliy hamkorlar - “OʻMU” (Oʻzbekiston Meʼmorlar Uyushmasi) va “UzGBC” (Oʻzbekiston Yashil Qurilish Kengashi), shuningdek va “Memor” jurnali koʻmagida oʻtkazilmoqda. Roʻyxatdan oʻtish arxitektura va muhandislik sohalari mutaxassislari, shuningdek qurilish materiallari va arxitektura texnologiyalari yetkazib beruvchilari hamda koʻchmas mulk ishlab chiqaruvchilari uchun ochiq.

Toshkentdagi tadbirdan so‘ng darhol, 2025-yil 24–25-sentabr kunlari Olmaotada SHARE Qozog‘iston Xalqaro Me’morchilik va Shaharsozlik Forumi bo‘lib o‘tadi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling