Seulda Farg‘ona-Koreya biznes forumi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchixonasi hamkorligida tashkil etilgan mazkur forumda yuzdan ziyod farg‘onalik va koreys ishbilarmon doira vakillari ishtirok etdi.
Tadbirni ochib bergan O‘zbekiston Respublikasining Koreya Respublikasidagi Favqulodda va muxtor elchisi Alisher Abdusalomov forum ikki mamlakat o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlikni yana-da mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidladi.
Forumda Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov so‘zga chiqib, so‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi munosabatlar yangi bosqichga ko‘tarilib, strategik sheriklik darajasiga yetganini alohida qayd etdi. Shuningdek, Koreya O‘zbekistonning eng muhim va ishonchli iqtisodiy hamkorlaridan biri ekanligi taʼkidlandi.
Sanoat, qishloq xo‘jaligi, taʼlim, turizm va yana qator yo‘nalishlarda istiqbolli loyihalar amalga oshirilayotganligi, O‘zbekistonga sarmoya kiritmoqchi bo‘lgan investorlarga Prezident tomonidan qator imkoniyatlar berilayotganligi qayd etildi.
11 mln aholisi bo‘lgan Farg‘ona vodiysi imkoniyatlarga to‘la ekanligi, vodiy atrofida 300 mln aholisi bo‘lgan katta bozor borligi aytib o‘tildi.
Viloyatdagi erkin iqtisodiy zonalar, texnopark va maxsus sanoat zonalari haqida tushunchalar berildi.
Koreys hamkorlar bilan turli yo‘nalishlarda aloqalarni jadallashtirishga ishonch bildirildi.
Forumda “AHA Co., Ltd” kompaniyasi rahbari Ku Gi Do ham so‘z olib, bugungi forum Farg‘ona va Koreyadagi ishbilarmonlar o‘rtasida yangi loyihalar yo‘lga qo‘yilishida turtki bo‘lishiga tilak bildirdi.
Kompaniya tomonidan Farg‘onada amalga oshirilayotgan investitsion loyihalar ham o‘zaro ishonch asosida boshlangani taʼkidlandi.
Biznes-forum doirasida viloyat hokimining o‘rinbosari Nuriddin Mamajonov O‘zbekiston, xususan, Farg‘ona viloyatida qulay biznes muhiti, tadbirkorlar huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar haqida taqdimot o‘tkazdi. Shu bilan birga, sarmoyaviy va sanoat salohiyati, mavjud infratuzilmalar va davlat tomonidan ko‘rsatiladigan qo‘llab-quvvatlash choralari haqida fikr almashildi.
B2B formatdagi uchrashuvlarda ikki mamlakat ishbilarmonlari o‘rtasida turli yo‘nalishlarda aloqalarni kengaytirish, istiqbolli loyihalar muhokama qilindi.
Forum ikki davlat o‘rtasidagi iqtisodiy aloqalarni yana-da mustahkamlash, o‘zaro savdo va qo‘shma sarmoyalarni kengaytirish uchun muhim platforma bo‘ldi.