 
                            
                                Senatorlar yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralarini takomillashtirishga qaratilgan qonunni muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining bugungi yalpi majlisida “Yoqilg‘i-energetika sohasidagi huquqbuzarliklarga qarshi kurashish choralari takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga hamda O‘zbekiston Respublikasining Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Muhokama davomida senatorlar keyingi yillarda mamlakatimizda yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda energiyani tejash, undan oqilona foydalanish va energiya samaradorligini oshirish sohasidagi ishlarni tizimli ravishda yo‘lga qo‘yish masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.
Shuningdek, ushbu sohada taʼsirchan davlat nazoratini taʼminlash borasida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilayotganligi qayd etilib, yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha tegishli choralar ko‘rish, elektr va issiqlik energiyasini behuda sarflash, gazdan yoqilg‘i yoki xomashyo sifatida foydalanishga oid huquqbuzarliklarni sodir etganlik uchun javobgarlikka tortish choralarini takomillashtirish lozimligi taʼkidlandi.
Mazkur Qonun bilan Jinoyat kodeksida elektr, issiqlik energiyasidan, gaz va suv o‘tkazgichdan foydalanish qoidalarini buzganlik uchun jazo choralarini kuchaytirish nazarda tutilmoqda.
Bundan tashqari, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga huquqni qo‘llash amaliyotidagi noaniqliklarni bartaraf etishga, yakka tartibdagi tadbirkorlar tomonidan yoqilg‘i-energetika resurslaridan foydalanishdagi huquqbuzarliklar sodir etilishining oldini olishga hamda bunday qoidabuzarliklar uchun jazo choralarining taʼsirchanligini oshirishga qaratilgan o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida ushbu Qonun yoqilg‘i-energetika resurslari bilan bog‘liq huquqbuzarliklarning oldini olish hamda iqtisod qilingan energiya resurslarini sanoatning boshqa tarmoqlariga yo‘naltirish, qolaversa ularni eksportini oshirib, import ulushini kamaytirishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.