Valyuta kurslari 14/01/2026
$1 – 12048.04
UZS – -0,42%
€1 – 14062.47
UZS – -0,51%
₽1 – 153.28
UZS – -0,35%
Qidirish
Senatorlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muhokama qildilar

Senatorlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muhokama qildilar

 

Senatorlar “O‘zbekiston – 2030” strategiyasini muhokama qildilar

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining majlisida “O‘zbekiston – 2030” strategiyasining mamlakat iqtisodiy taraqqiyotida tutgan o‘rniga bag‘ishlangan muhokama o‘tkazildi.

Unda senatorlar, ekspertlar, ommaviy axborot vositalarining xodimlari ishtirokida mazkur Strategiyaning iqtisodiy yo‘nalishida belgilangan vazifalar, jumladan sanoatni modernizatsiya qilish, uning samaradorligini oshirish, xizmatlar sohasini kengaytirish hamda raqamli iqtisodiyotni jadal rivojlantirish masalalari ko‘rib chiqildi.

Asosiy eʼtibor iqtisodiyotni barqaror rivojlantirish, aholi farovonligini oshirish va raqobatbardosh milliy iqtisodiy tizimni shakllantirish masalalariga qaratildi.

Iqtisodiy taraqqiyot – aholi farovonligini yuksaltirishning asosiy omili bo‘lib, iqtisodiyotni modernizatsiya qilish Strategiyaning asosiy vazifalaridan biri hisoblanadi.

So‘zga chiqqanlar investitsiya muhitini yaxshilash, mahalliy va xorijiy investorlar uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, xususiy sektor ulushini oshirish muhim yo‘nalish ekanini taʼkidlab, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash orqali yangi ish o‘rinlari yaratishga alohida eʼtibor qaratdi.

Shuningdek, eksportbop mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish, hududlarning iqtisodiy salohiyatidan samarali foydalanish hamda aholi bandligini taʼminlash masalalariga ham alohida to‘xtalib o‘tildi.

Jumladan, iqtisodiyotning eng tez rivojlanayotgan tarmoqlarida amaliy tadqiqotlarni kuchaytirish maqsadida “korxona – oliy taʼlim muassasasi – ilmiy tashkilot” klaster tizimi joriy etilib, 2030-yilga qadar Davlat byudjeti hisobidan amalga oshiriladigan tadqiqotlarni 1,6 mingga yetkazish hamda iqtisodiyotning “drayver” tarmoqlarida 850 turdagi innovatsion mahsulotlar ishlab chiqarish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, mehnatga layoqatli aholining, shu jumladan yoshlar va nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini taʼminlash orqali ishsizlik darajasini 4 foizgacha tushirib, 2030-yilga qadar iqtisodiyot hajmini 2 baravar oshirish va “daromadi o‘rtachadan yuqori bo‘lgan davlatlar” qatoriga kirish maqsad qilinmoqda.

Fiskal barqarorlikni taʼminlash va davlat majburiyatlarini samarali boshqarish maqsadida YAIMga nisbatan kuzatilmaydigan iqtisodiyot ulushini 23 foizgacha qisqartirish hamda konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 3 foizdan yuqori bo‘lmagan miqdorda bo‘lishini taʼminlash rejalashtirilmoqda.

Strategiya ijrosini taʼminlashda ochiqlik, shaffoflik va jamoatchilik ishtirokining zarurligi qayd etildi. Amalga oshirilishi belgilangan iqtisodiy islohotlarning maqsadi aholi daromadlarini ko‘paytirish, kambag‘allik darajasini qisqartirish va hududlarni kompleks rivojlantirishdan iborat.

Taʼkidlanganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasi mamlakatimizni iqtisodiy jihatdan barqaror, innovatsion va raqobatbardosh davlat sifatida rivojlantirishga xizmat qiladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling