Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
O‘zbekiston 02/08/2025 Senatorlar aholi salomatligini saqlashga qaratilgan muhim Qonunni maʼqulladi

Senatorlar aholi salomatligini saqlashga qaratilgan muhim Qonunni maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 9-yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Qayd etilganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda mehnat migratsiyasi ko‘lami ortib, chet eldan qaytgan fuqarolar soni ko‘paymoqda. Shuningdek, O‘zbekistonga ham ko‘plab chet el fuqarolari tijorat, mehnat qilish maqsadlarida kirib kelmoqda. Ushbu toifadagi shaxslarning ayrimlari orasida ixtiyoriy o‘tkazilgan tekshiruv natijalari ularda inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar mavjudligini ko‘rsatgan.

Xususan, 2024-yilda uzoq muddat chet elda bo‘lib qaytgan 1,7 mln fuqaroning faqat 434 mingi yoki 25 foizi ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan. Ularning 1 512 nafarida bunday kasallik aniqlangan. Shuningdek, 2024-yilda 12,7 mingdan ortiq chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar ixtiyoriy ravishda OIV/OITSga tekshirilgan hamda ularning 81 nafari bunday kasallikka chalingani aniqlangan.

Inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar ixtiyoriy tekshiruvdan o‘tkazilgan migrantlar orasida aniqlangan, tekshiruvdan o‘tmagan migrantlarning qanchasida yuqumli kasalliklar borligi nomaʼlum. Shu jihatdan ushbu Qonun dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Qonun bilan “Odamning immunitet tanqisligi virusi keltirib chiqaradigan kasallik (OIV infeksiyasi) tarqalishiga qarshi kurashish to‘g‘risida”gi, “Xususiy bandlik agentliklari to‘g‘risida”gi va “Aholi bandligi to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasining qonunlariga bir qator o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Jumladan, uzluksiz to‘qson kun va undan ortiq muddat davomida chet elda bo‘lib qaytgan o‘n sakkiz yoshdan oltmish yoshgacha bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, O‘zbekiston Respublikasi hududida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelayotgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarni majburiy ravishda OIVga tibbiy tekshiruvdan o‘tkazish belgilanmoqda.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari va O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar majburiy tibbiy tekshiruvdan Davlat budjeti mablag‘lari hisobidan, mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun O‘zbekiston Respublikasiga kirib kelgan chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar hamda O‘zbekiston Respublikasida doimiy yashaydigan chet el fuqarolari esa o‘z mablag‘lari, ish beruvchining yoki qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa mablag‘lar hisobidan o‘tkazilishi nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, OIV/OITS va sil kasalligi aniqlanishi O‘zbekiston Respublikasi hududida mehnat faoliyati huquqiga doir tasdiqnoma berishni rad etish uchun asos bo‘lishi belgilanmoqda.

Shu bilan birga, O‘zbekiston Respublikasidan tashqarida ish qidirayotgan shaxslarni borayotgan davlatining tegishli qonunchiligi, ushbu davlatda bo‘lish qoidalari bo‘yicha o‘qitishni tashkil etish majburiyati xususiy bandlik agentliklariga beriladigan litsenziya shartlaridan biri etib belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan ushbu Qonun inson uchun xavfli bo‘lgan yuqumli kasalliklar tarqalishining oldini olishga, aholi salomatligini muhofaza qilishga, mehnat migratsiyasi jarayonida ijtimoiy xavfsizlikni taʼminlash bo‘yicha taʼsirchan huquqiy mexanizmlarni shakllantirishga xizmat qilishi taʼkidlab o‘tildi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling