Senator Toshkent shahar hokimiga daraxtlarni himoya qilish bo'yicha so'rov yubordi
Senator Toshkent shahar hokimiga daraxtlarni himoya qilish bo'yicha so'rov yubordi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senatining Yoshlar, xotin-qizlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Orzigul Kozixonova tomonidan Toshkent shahar hokimi Shavkat Umurzakov nomiga senator so‘rovi yuborildi.
So‘rovda so‘nggi yillarda mamlakatimizda aholi punktlarini ko‘kalamzorlashtirish, daraxt va butalarni muhofaza qilish hamda yashil hududlarni kengaytirish borasida amalga oshirilayotgan islohotlar, jumladan, daraxtlarni kesishga nisbatan joriy etilgan moratoriy va uning amal qilish muddati uzaytirilgani alohida tilga olingan.
Shu bilan birga, amaldagi qonunchilikka muvofiq daraxtlarni noqonuniy kesish, shikastlantirish yoki yo‘q qilish uchun javobgarlik kuchaytirilgani, shuningdek, qoidabuzarlarga kesilgan daraxt o‘rniga ko‘chat ekish va ularni parvarishlash majburiyati yuklatilgani taʼkidlangan.
Biroq ko‘rilayotgan choralarga qaramay, ayrim hududlarda daraxtlarni kesish holatlari saqlanib qolayotgani va bu aholi eʼtirozlariga sabab bo‘layotgani bildirilgan.
Jumladan, senatorlar Toshkent shahri Chilonzor tumanida o‘tkazgan uchrashuvlarida fuqarolar Chilonzor tumani 17-daha “Botirma” mahallasi 33-uyga tutash hududda fevral oyida to‘siqlar o‘rnatilib, qurilish ishlariga tayyorgarlik ko‘rilayotgani hamda bu yerdagi ko‘p yillik daraxtlar kesib tashlanishi xavfi mavjudligidan norozilik bildirgan.
Mazkur holat inobatga olingan holda senator so‘rovida hududning hozirgi holati va uning to‘siqlar bilan o‘rab olinishi sabablari, ushbu joyda amalga oshirilishi rejalashtirilgan ishlar hamda ularning shaharsozlik normalariga muvofiqligi yuzasidan tushuntirish berish so‘ralgan. Shuningdek, so‘rovda hududdagi daraxtlar xatlovdan o‘tkazilganmi-yo‘qmi, daraxtlar kesilishining oldini olish va ularni muhofaza qilish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar yuzasidan aniqlik kiritish so‘ralgan.