Senator parlament delegatsiyasi tarkibida Singapurda bo‘ldi
Senator parlament delegatsiyasi tarkibida Singapurda bo‘ldi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 18-20 noyabr kunlari Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Kobul Tursunov Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri Nuriddin Ismoilov boshchiligidagi parlament delegatsiyasi tarkibida Singapurda bo‘ldi.
Tashrif doirasida senator ushbu mamlakat parlamenti faoliyati bilan tanishdi, ikki tomonlama uchrashuvlarda hamda ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarining yanada kengaytirish masalalari muhokamasida ishtirok etdi.
Singapur parlamenti a’zolari O‘zbekistonda juda katta o‘zgarishlarga, xususan Prezident Shavkat Mirziyoyev boshchiligida amalga oshirilayotgan tarixiy va izchil islohotlarga guvohi bo‘layotganini ta’kidladi. So‘nggi yillarda mamlakatimiz jadal rivojlanib, barcha sohalarda ijobiy natijalarga erishayotgani, qonunlarda xalqaro tajriba inobatga olingani va ular xalq manfaatiga xizmat qilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston parlamenti delegatsiyasi Singapur Respublikasi Prezidenti Tarman Shanmugaratnam tomonidan ham qabul qilindi.
Singapur Prezidenti O‘zbekiston kelajagi haqida ijobiy fikrlar bildirib, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Singapurga hamda sobiq Prezident Xalima Yakubning O‘zbekistonga tashriflari ikki tomonlama aloqalarni jadallashtirishga muhim turtki bo‘lganini ta’kidladi.
Singapurda bo‘lib o‘tgan samarali uchrashuv va muloqotlar, shubhasiz, ikki mamlakatning parlamentlararo munosabatlari rivojlanishiga xizmat qiladi.