Senator Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Senator Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlashga bag‘ishlangan xalqaro konferensiyada ishtirok etdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025 yil 20 noyabr kuni Oliy Majlis Senatining Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbidin Burxanov “Mintaqaviylik va barqarorlik: global o‘zgarishlar sharoitlarida Markaziy Osiyoda xavfsizlikni ta’minlash” mavzusida O‘zbekiston Respublikasi Harbiy xavfsizlik va mudofaa universitetida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-nazariy konferensiyada ishtirok etdi.
Konferensiya ishida 100 dan ortiq tashkilot va davlatlarning vakillari, oliy harbiy ta’lim muassasalari ekspertlari, shuningdek, O‘zbekistonning yetakchi oliy ta’lim hamda tadqiqot muassasalari vakillari va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etdi.
Senator o‘z ma’ruzasida global miqyosdagi geosiyosiy jarayonlar sharoitida mintaqa davlatlari oldida turgan vazifalar, xavfsizlik tizimida xalqaro hamkorlikni kuchaytirish, o‘zaro ishonchni mustahkamlash va mintaqaviy barqarorlikning uzoq muddatli istiqbollari haqida fikr yuritdi.
Shuningdek, so‘zga chiqqanlar O‘zbekistonning Markaziy Osiyoda tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik tamoyillarini mustahkamlash borasidagi tashabbuslarini alohida qayd etdi.
Anjumanda global va regional xavfsizlik tizimida xalqaro tashkilotlarning o‘rni, shuningdek, Markaziy va Janubiy Osiyoda barqarorlikni mustahkamlashda mintaqaviy hamkorlikning dolzarbligi yuzasidan ma’ruzalar eshitildi.
Konferensiya yakunida ekspertlar doirasida o‘tkazilgan fikr almashinuvi natijalari asosida mintaqada xavfsizlik siyosatini yanada takomillashtirish, yangi ilmiy-amaliy tashabbuslarni ilgari surish, qo‘shma tadqiqotlarni rivojlantirish va xalqaro hamkorlik mexanizmlarini mustahkamlash bo‘yicha bir qator taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.