Senatning yalpi majlisida yangi tahrirdagi  “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi

Senatning yalpi majlisida yangi tahrirdagi  “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi

Senatning yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda avtomobil yo‘llari infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Biroq amaldagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonun bugungi kun talablariga to‘liq javob bermaydi.

Yangi tahrirdagi “Avtomobil yo‘llari to‘g‘risida”gi Qonunning asosiy maqsadi avtomobil yo‘llarini rivojlantirish, ulardan foydalanish tartibini belgilash, yo‘l faoliyati sohasidagi munosabatlarni zamonaviy talablar asosida tartibga solishdan iboratdir.

Qonunda avtomobil yo‘llari sohasida amal qilinishi shart bo‘lgan asosiy prinsiplar aniq belgilab qo‘yilmoqda. Yaʼni, yo‘llar ilmiy hisob-kitoblar asosida loyihalanishi, qarorlar ochiq va shaffof bo‘lishi, eng muhimi, yo‘l harakati xavfsizligi taʼminlanishi, tabiatga zarar yetkazilmasligi hamda har bir fuqaro yo‘llardan teng va qulay foydalanish imkoniyatiga ega bo‘lishi belgilanmoqda.

Qonunda muhim yangilik sifatida avtomobil yo‘llari bepul yoki belgilangan tartibda pulli bo‘lishi mumkinligi mustahkamlanmoqda. Qonunga muvofiq avtomobil yo‘llari sohasidagi maxsus vakolatli organ sifatida O‘zbekiston Respublikasi Transport vazirligi huzuridagi Avtomobil yo‘llari qo‘mitasi belgilanmoqda.

Qonunda yo‘l harakati xavfsizligiga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, avtomobil yo‘llarida sunʼiy to‘siqlar va notekisliklar yaratish taqiqlanmoqda, og‘ir vaznli va yirik gabaritli transport vositalarining harakatlanishi esa faqat maxsus ruxsatnoma asosida amalga oshirilishi nazarda tutilmoqda.

Qonunda pulli yo‘llarni tashkil etish, davlat-xususiy sheriklik asosida moliyalashtirish, to‘lovlarni avtomatlashtirilgan tarzda undirish, foydalanuvchi va operator o‘rtasidagi ommaviy shartnoma kabi munosabatlar tartibga solinmoqda.

So‘zga chiqqanlar mazkur Qonun normalari yo‘llarni asrash, avariyalar sonini kamaytirish va inson hayotini muhofaza qilishga xizmat qilishini taʼkidlab o‘tdi.

Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi, mamlakatimizda yo‘l infratuzilmasi rivojlanishiga, harakat tezligi ortib, tirbandliklar kamayishiga, yo‘l-transport hodisalari soni qisqarishiga zamin yaratadi.

Senatorlar Qonunni maʼqulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling