Senatda Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 22-sentabr kuni Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashining navbatdagi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.
Uni Oliy Majlis Senati Raisi, Xalqaro reyting va indekslar bilan ishlash bo‘yicha respublika kengashi raisi Tanzila Narbayeva olib bordi.
Yig‘ilishda mamlakatimizda olib borilgan islohotlar natijasida qator xalqaro reyting va indekslarda O‘zbekistonning o‘rni yaxshilanganligi taʼkidlandi.
Xususan, joriy yilning o‘tgan davrida “S&P”, “Fitch” va “Moodyʼs” xalqaro reyting agentliklari tomonidan O‘zbekistonning suveren kredit reyting kutilmasi ilk bor “barqaror”dan “ijobiy”ga oshirildi. Iqtisodiy erkinlik indeksida O‘zbekiston 9 pog‘onaga ko‘tarilib, 184 ta mamlakat orasida 100-o‘rinni egallagan bo‘lsa, Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida 19 pog‘onaga yuqorilab, 167 ta davlat orasida 62-o‘rinni egalladi.
Shuningdek, Global innovatsiya indeksida O‘zbekiston o‘z ko‘rsatkichlarini 4 pog‘onaga yaxshilab, 139 ta davlat orasida 79-o‘ringa ko‘tarildi va Markaziy Osiyoda 1-o‘ringa chiqdi.
Shu bilan birga, olib borilayotgan islohotlardan kelib chiqib, yangi ustuvor xalqaro reytinglar bilan ishlash haqida so‘z bordi.
Jumladan, Sayohat va turizmni rivojlantirish indeksi, Global gender tafovuti indeksi hamda Ijtimoiy taraqqiyot indeksidagi O‘zbekiston o‘rni muhokama qilinib, ularni mamlakatimiz uchun ustuvor etib belgilash taklifi ilgari surildi.
Bundan tashqari, yig‘ilish davomida Hududlarning huquq ustuvorligi indeksining 2024-yil natijalari muhokama qilindi. Indeks natijalariga ko‘ra, eng yuqori ko‘rsatkich Farg‘ona viloyatida (79 ball), eng quyi ko‘rsatkich Toshkent viloyatida (63,1 ball) qayd etilgan. Yo‘nalishlar kesimida esa “Fuqarolar huquq va erkinliklarining taʼminlanishi” (-3 ball) va “Odil sudlov va sud qarorlarining ijro etilishi” (-2 ball) indikatorlarida natijalar pasaygan.
Shuningdek, yig‘ilishda 2025-yil uchun O‘zbekiston Respublikasining ustuvor xalqaro reyting va indekslardagi o‘rnini yaxshilashga qaratilgan amaliy chora-tadbirlar dasturlarining birinchi yarim yillikdagi ijro holati ko‘rib chiqildi.
Yig‘ilishda Barqaror rivojlanish maqsadlari indeksida pasayish kuzatilgan, o‘zgarishsiz qolgan hamda maʼlumot mavjud bo‘lmagan tarkibiy indikatorlarda O‘zbekiston ko‘rsatkichlarini yaxshilash bo‘yicha 2025-2026-yillarga mo‘ljallangan chora-tadbirlar rejasi (“yo‘l xaritasi”) loyihasi ham muhokama qilinib, Respublika kengashining tegishli qarori qabul qilindi.