Senatda Vengriyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Senatda Vengriyaning O‘zbekistondagi elchisi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 21-yanvar kuni Senatda Fan, taʼlim va sog‘liqni saqlash masalalari qo‘mitasi raisi Baxrom Abdullayev hamda Xalqaro munosabatlar, tashqi iqtisodiy aloqalar, xorijiy investitsiyalar va turizm masalalari qo‘mitasi raisi Alisher Agzamxodjayev Vengriyaning O‘zbekistondagi Favqulodda va Muxtor Elchisi Yojef Rodj bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va Vengriya o‘rtasidagi hamkorlikning joriy holati va istiqbollari muhokama qilindi. Jumladan, ikki davlat parlamentlari o‘rtasidagi hamkorlikni yanada faollashtirish, taʼlim, savdo-iqtisodiy va investitsiya sohalarida tajriba almashish, shuningdek, xalqaro parlament tashkilotlari doirasida o‘zaro hamkorlikni kengaytirish muhimligi taʼkidlandi.
Uchrashuv doirasida iqtisodiy diplomatiyani rivojlantirish, investitsiyalarni jalb etish, mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni kengaytirish kabi masalalar bo‘yicha qator takliflar ilgari surildi hamda hamkorlikni yana-da mustahkamlashga qaratilgan qo‘shma loyihalar va tadbirlarni tashkil etishga kelishib olindi.