Senatda Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — 2025-yil 29-iyul kuni Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Rossiya Federatsiyasidagi Inson huquqlari bo‘yicha vakili Tatyana Moskalkova bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Rossiya o‘rtasidagi hamkorlik munosabatlarini, xususan inson huquqlarini himoya qilish, huquqiy davlatni rivojlantirish va fuqarolik jamiyati institutlarini qo‘llab-quvvatlash sohasida tajriba almashishni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
S.Safoyev mehmonni samimiy qutlar ekan, O‘zbekistonda Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida inson huquqlarini taʼminlashga alohida eʼtibor qaratilayotganini, bu borada parlament va Inson huquqlari bo‘yicha vakil (ombudsman) institutining o‘rni tobora ortib borayotganini taʼkidladi.
O‘z navbatida, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili O‘zbekistonda so‘nggi yillarda inson huquqlarini himoya qilish, ijtimoiy adolatni taʼminlash va fuqarolarning huquqiy ongini oshirish bo‘yicha olib borilayotgan islohotlarni eʼtirof etdi. U ikki davlat o‘rtasida inson huquqlarini taʼminlash sohasida hamkorlikni yana-da rivojlantirishga tayyor ekanini bildirdi.
Uchrashuv yakunida tomonlar inson huquqlari sohasidagi, ombudsmanlar instituti doirasidagi aloqalarni va parlamentlararo aloqalarni chuqurlashtirish yo‘nalishida amaliy hamkorlikni davom ettirishga kelishib oldi.