Senatda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Senatda O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi munosabatlarni rivojlantirish masalalari muhokama qilindi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senat Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev Germaniya Federativ Respublikasi Tashqi ishlar vazirligining Yevropa ishlari bo‘yicha davlat vaziri Gyunter Krixbaum boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida tomonlar o‘zaro ishonch va strategik sheriklik tamoyillariga asoslangan O‘zbekiston-Germaniya munosabatlari yuksak darajada ekanini qayd etdilar. Ikki tomonlama hamkorlikka barqaror surʼat baxsh etayotgan oliy darajadagi faol siyosiy muloqot muhimligi taʼkidlandi.
Parlamentlararo hamkorlikni yanada chuqurlashtirish, shu jumladan tegishli qo‘mitalar, hamkorlik guruhlari o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish va o‘zaro tashriflarni tashkil etish istiqbollari ko‘rib chiqildi.
Savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy aloqalarni, taʼlim, madaniyat va sog‘liqni saqlash sohalaridagi hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan fikr almashildi.
Uchrashuv yakunida O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi o‘zaro manfaatli hamkorlik aloqalarini yana-da rivojlantirishga kelishib olindi.