Senatda Koreya Respublikasi delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 4-sentabr kuni Senatda Mahalliy hokimiyat vakillik organlari faoliyatini kuchaytirishga ko‘maklashuvchi komissiya raisi Anvar To‘ychiyev Koreya Respublikasining Miryang shahri Mahalliy vakillik organi raisi Xo Xong boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Mamlakatlar rahbarlarining siyosiy irodasi davlatlararo munosabatlarning yana-da rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Ikki mamlakatning barcha yo‘nalishlardagi hamkorligi, xususan qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi iqtisodiy va investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan fikr almashildi.
Shuningdek, parlamentlararo muloqotni mustahkamlash, do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish va keng ko‘lamdagi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish masalalari ham muhokama etildi. “Elektron parlament” tizimini joriy etish, “aqlli qishloq xo‘jaligi” loyihalarini amalga oshirish, shuningdek, ekologiya va barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishda parlamentlararo hamkorlikni kuchaytirish yuzasidan takliflar shular jumlasidandir.