 
                            
                                Senatda Germaniya parlamenti delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 31-oktabr kuni Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasi raisi Abdulxakim Eshmuratov Germaniya Federativ Respublikasi Bundestagining Huquqiy masalalar va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish bo‘yicha qo‘mitasi raisi Karsten Myuller boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va Germaniya parlamentlari o‘rtasidagi munosabatlarni yana-da rivojlantirish, huquqiy davlat va fuqarolik jamiyatini barpo etish sohasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Delegatsiya aʼzolariga so‘nggi yillarda O‘zbekistonda sud-huquq tizimini isloh qilish, korrupsiyaga qarshi kurashish, inson huquq va erkinliklarini taʼminlash borasida amalga oshirilayotgan islohotlar haqida maʼlumot berildi. Shuningdek, mamlakatda adolatli sud tizimini shakllantirish, fuqarolarning qonuniy manfaatlarini himoya qilish, jamoatchilik nazoratini kuchaytirish hamda xalqaro standartlarga muvofiq qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlar taʼkidlab o‘tildi.
O‘z navbatida, Karsten Myuller Germaniya parlamenti tomonidan huquqiy sohadagi qonunchilik tashabbuslari va isteʼmolchilar huquqini himoya qilish amaliyoti haqida maʼlumot berib, O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar va ochiqlik siyosatiga yuqori baho berdi.
Uchrashuv yakunlari yuzasidan parlamentlar o‘rtasidagi muloqotni muntazam davom ettirish, qo‘mitalar darajasida hamkorlikni kuchaytirish va qonun ijodkorligi sohasidagi ilg‘or tajribani o‘rganish bo‘yicha kelishuvga erishildi.