Senatda Germaniya delegatsiyasi bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yil 20 oktyabr kuni Senatning Agrar, suv xo‘jaligi masalalari va ekologiya qo‘mitasi raisi Anvar To‘ychiyev Bundestagning qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat va vatan bo‘yicha qo‘mitasi raisi Xermann Ferber boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida parlamentlararo hamkorlik aloqalarini rivojlantirish, uni yangi mazmun bilan boyitish, do‘stlik guruhlari ishini faollashtirish va keng ko‘lamdagi qo‘shma tadbirlarni tashkil etish hamda qonun ijodkorligi sohasida o‘zaro tajriba almashish masalalari bo‘yicha so‘z yuritildi.
O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasidagi ko‘p tomonlama hamkorlik strategik sheriklik darajasiga ko‘tarilgani taʼkidlandi. Mamlakatlar rahbarlarining siyosiy irodasi davlatlararo munosabatlarning yana-da rivojlanishi va mustahkamlanishida muhim ahamiyat kasb etayotgani qayd etildi.
Ikki mamlakatning barcha yo‘nalishlardagi hamkorligi, xususan qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi iqtisodiy va investitsiya loyihalarini kengaytirish hamda hududlararo hamkorlikni rivojlantirish masalalari yuzasidan ham fikr almashildi.
O‘z navbatida, Xermann Ferber O‘zbekiston agrar sohada qisqa vaqt ichida erishgan natijalarni yuqori baholab, Germaniya kompaniyalari tomorqa xo‘jaliklarini mexanizatsiyalash, urug‘chilik va veterinariya tizimini takomillashtirish, shuningdek, qishloq aholisi bandligini taʼminlash bo‘yicha hamkorlikka tayyor ekanini bildirdi.