Senatda BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori bilan uchrashuv o‘tkazildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMTning O‘zbekistondagi doimiy koordinatori Sabine Maxl bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat chog‘ida BMT Bosh Assambleyasi 80-sessiyasining muvaffaqiyatli o‘tkazilganligi va Prezidentimiz tomonidan ilgari surilgan tashabbuslar xalqaro hamjamiyat rivoji uchun muhim ekanligi alohida qayd etildi. Ushbu tashabbuslar asosida kelgusi rejalarni belgilash va ularning ijrosini taʼminlash yuzasidan fikr almashildi.
O‘zbekistonning BMT va uning ixtisoslashgan idoralari bilan hamkorligining hozirgi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Asosiy eʼtibor Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, gender tenglikni taʼminlash masalalariga qaratildi.
Yangi O‘zbekistonni barpo etish yo‘lidagi islohotlar Barqaror rivojlanish maqsadlariga to‘liq mos ravishda olib borilayotgani taʼkidlandi.
Shu maʼnoda hamkorlikni yanada kengaytirish, barqaror rivojlanish bo‘yicha belgilangan milliy maqsadlarga erishish yuzasidan amalga oshirilayotgan ishlar bo‘yicha parlament eshituvlari jarayonlariga BMT institutlarini ham jalb qilish masalalari ko‘rib chiqildi. Bunda ayniqsa maqsad va vazifalarning hududlarda ijro etilishiga alohida eʼtibor berildi.
Shu bilan birga, yoshlarning Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish jarayonlariga faol jalb qilish uchun kelgusi yilda Samarqand shahrida tashkil etish ko‘zda tutilgan dunyo mamlakatlari parlamentlarining yosh a’zolari XII global konferensiyasi doirasida BRMga erishishda parlamentlararo hamkorlik bo‘yicha III global forumni o‘tkazishga doir istiqboldagi rejalar muhokama qilindi.
Mintaqa davlatlari rahbarlarining 7-Maslahat uchrashuvi doirasida 2025-yil noyabr oyida Markaziy Osiyo mamlakatlari ayollari muloqotining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish rejalari ham ko‘rib chiqildi. Ushbu format xotin-qizlar huquqlarini ilgari surish va ularning barqaror rivojlanishdagi rolini mustahkamlash sohasida tajriba almashish uchun samarali maydon sifatida o‘zini namoyon etdi.