Valyuta kurslari 20/06/2025
$1 – 12559.26
UZS – -0,47%
€1 – 14413.01
UZS – -0,71%
₽1 – 160.17
UZS – -0,41%
Qidirish
O‘zbekiston 20/05/2025 Senatda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Senatda BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 19-may kuni Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Markaziy va Janubiy Osiyo o‘rtasidagi o‘zaro bog‘liqlik bo‘yicha Termiz muloqotining birinchi yig‘ilishida ishtirok etish uchun mamlakatimizga tashrif buyurgan BMT Bosh kotibining maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markazi rahbari Kaxa Imnadze bilan uchrashdi.

Suhbat chog‘ida tomonlar mintaqaviy ahamiyatga ega dolzarb masalalar yuzasidan fikr almashib, Markaz mandati doirasida amaliy hamkorlikni yanada rivojlantirish masalalarini muhokama qildi. Xususan, mintaqada tinchlik, barqarorlik va yaxshi qo‘shnichilik munosabatlarini mustahkamlash, birgalikda barqaror taraqqiyotni taʼminlash kabi masalalarga alohida eʼtibor qaratildi.

Uchrashuvda Parlamentlararo ittifoqning 150-assambleyasida ilgari surilgan tashabbuslar va qabul qilingan muhim hujjatlarning ijrosini taʼminlashda xalqaro tashkilotlar, jumladan BMT tizimidagi tuzilmalarning faol ishtirokini taʼminlash masalalari muhokama etildi.

Shuningdek, joriy yil sentabr oyida O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilayotgan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining navbatdagi Maslahat uchrashuvi doirasida Markaziy Osiyo davlatlari ayol yetakchilari muloqotining parallel yig‘ilishini tashkil etish imkoniyatlari bo‘yicha fikr almashildi. Bunday yig‘ilishlar ushbu platformaning institutsionallashuviga xizmat qilishi va ayollarning siyosiy, ijtimoiy jarayonlardagi faol ishtirokini kuchaytirishga yordam berishi taʼkidlandi.

Uchrashuv yakunida tomonlar o‘zaro hamkorlikni yanada mustahkamlash va mintaqaviy tashabbuslarni amalga oshirishda hamjihatlikda ish olib borishga tayyor ekanligini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling