Senatda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining Mintaqaviy vakili bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasi Markaziy Osiyo uchun mintaqaviy vakili Matilda Bogner bilan uchrashdi.
Muloqot chog‘ida Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Birlashgan Millatlar Tashkiloti Bosh Assambleyasining 80-sessiyasida so‘zlagan nutqida ilgari surilgan inson huquqlariga oid tashabbus va takliflar alohida eʼtirof etildi.
Uchrashuvda inson huquqlari sohasidagi hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari, jumladan, mamlakatda amalga oshirilayotgan islohotlarni qo‘llab-quvvatlash, xalqaro majburiyatlarni bajarish, shuningdek, Senat va BMT tuzilmalari o‘rtasidagi institutsional hamkorlik masalalari muhokama qilindi.
Tomonlar keng jamoatchilik va xalqaro ekspertlar ishtirokida ishlab chiqilayotgan Inson huquqlari bo‘yicha 2030-yilgacha mo‘ljallangan milliy strategiya loyihasini, shuningdek, xalqaro majburiyatlarni amalga oshirishga qaratilgan parlament nazoratining yangi shakllarini muhokama qildilar.
Matilda Bogner O‘zbekistonning majburiy mehnatiga barham berish, sud-huquq tizimini isloh qilish, davlat organlari va fuqarolik jamiyati o‘rtasida ochiqlik va muloqotni kuchaytirish borasidagi saʼy-harakatlarini yuqori baholadi.
Hamkorlikni yanada kengaytirish, jumladan, sudyalar va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarini o‘qitish, parlamentning xalqaro hisobotlarda ishtirok etishi, inson huquqlarini himoya qilish masalalarini muhokama qilishga fuqarolik jamiyatini faol jalb etish masalalariga alohida eʼtibor qaratildi.