Senatda BMT Bosh kotibi o‘rinbosari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 26-may kuni Senat Raisi Tanzila Narbayeva BMT Bosh kotibi o‘rinbosari, BMT Taraqqiyot dasturi administratori o‘rinbosari Xaolyan Syuy bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Suhbat davomida O‘zbekiston va BMT Taraqqiyot dasturi o‘rtasidagi amaldagi hamkorlikka yuqori baho berildi. Bugungi kunda mamlakatimizda umumiy qiymati 163 mln AQSH dollaridan ziyod 43 ta loyiha amalga oshirilayotgani taʼkidlandi. Bu esa mintaqa mamlakatlari orasida eng katta ko‘rsatkichlardan biri ekani qayd etildi.
Mazkur loyihalar yoshlarning raqamli savodxonligini oshirish, xotin-qizlarni iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, sog‘liqni saqlash tizimini modernizatsiya qilish, davlat xizmatlari sifatini yaxshilash kabi muhim yo‘nalishlarni qamrab olgan.
Tomonlarning 2021–2025 yillarga mo‘ljallangan Mamlakat dasturi doirasida sheriklikni yana-da chuqurlashtirishga sodiqligi taʼkidlab o‘tildi. Ekologik barqarorlikni taʼminlash, Orol inqirozi oqibatlarini yumshatish, gender tenglikni ilgari surish va Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish kabi ustuvor yo‘nalishlarga alohida eʼtibor qaratildi.