Senatda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Senatda BMT Aholishunoslik jamg‘armasining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva BMT Aholishunoslik jamg‘armasining (UNFPA) O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Nigina Abbaszade bilan uchrashdi.
Uchrashuv davomida UNFPAning demografik siyosat, reproduktiv salomatlik va gender tenglik sohalarida olib borayotgan amaliy ko‘magi hamda BMT tizimidagi ishonchli hamkor sifatidagi ahamiyati taʼkidlandi.
Mamlakatimizda ilk bor o‘tkazilayotgan aholi va qishloq xo‘jaligini ro‘yxatga olish tadbirida Jamg‘arma tomonidan jalb qilingan xalqaro ekspertlar va ko‘rsatilayotgan uslubiy yordamning muhimligi qayd etildi.
Tomonlar 2025–2026-yillarga mo‘ljallangan hamkorlik dasturi doirasida qonunchilik tashabbuslarini ishlab chiqish, onlayn va gender zo‘ravonlikka qarshi kurashish, milliy tadqiqotlar o‘tkazish va oilaga yo‘naltirilgan siyosatni rivojlantirish yo‘nalishlarida hamkorlikni yanada chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi.
Uchrashuv yakunida strategik sheriklikni mustahkamlash hamda aholi turmush sifatini oshirishga qaratilgan qo‘shma dastur va loyihalarni amalga oshirishdan tomonlar manfaatdor ekani taʼkidlandi.