Valyuta kurslari 20/11/2025
$1 – 11910.93
UZS – -0,25%
€1 – 13784.52
UZS – -0,4%
₽1 – 147.49
UZS – 0,06%
Qidirish
Senatda “Better Cotton Initiative” delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Senatda “Better Cotton Initiative” delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Senatda “Better Cotton Initiative” delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayevaning Yannis Bellingxauzen boshchiligidagi  “Better Cotton Initiative” (BCI) xalqaro tashkiloti delegatsiyasi bilan uchrashuvi bo‘lib o‘tdi.

Uchrashuvni ocharkan, T. Narbayeva O‘zbekistonning Better Cotton Initiative bilan hamkorlikni yuqori baholashini, ayniqsa qishloq xo‘jaligi barqarorligini oshirish, munosib mehnat tamoyillarini ilgari surish va paxta-to‘qimachilik taʼminoti zanjirlarida shaffoflikni kuchaytirish borasida tashkilotning qo‘llab-quvvatlashi muhim ahamiyat kasb etayotganini taʼkidladi.

Qayd etilganidek, paxta-to‘qimachilik sohasi mamlakat iqtisodiyotining yetakchi yo‘nalishlaridan biri bo‘lib, so‘nggi yillarda keng qamrovli islohotlar natijasida tubdan yangilandi.
Bugungi kunda o‘zbek paxtasining eksport geografiyasi kengayib, 80 dan ortiq davlatlarga paxta-to‘qimachilik mahsulotlari eksport qilmoqda.

Eksport hajmini oshirish, sohaga yana-da ko‘proq investitsiyalarni jalb etish, bu ishlarga to‘qimachilik sohasidagi yirik xalqaro brendlarni kengroq jalb qilishda sohaga munosib mehnat tamoyillariga, ekologik barqarorlikka hamda xalqaro texnik va ishlab chiqarish talablariga asoslangan standartlarni joriy etish muhim ahamiyatga ega ekanligi taʼkidlandi.

Uchrashuv davomida ushbu xalqaro standartlarni o‘zida mujassam qilgan BCI standartlarini yana-da keng joriy etish masalalari muhokama qilindi. 

Xususan, BCI standartlarini milliy standart sifatida qabul qilish, bu borada milliy auditorlarni tayyorlash, kichik va o‘rta biznes uchun sertifikatlash xarajatlarini qisqartirishga qaratilgan qo‘shma loyihasini amalga oshirish, sertifikat berish bo‘yicha o‘tkaziladigan o‘rganishlar muddatini qisqartirish imkoniyatini ko‘rib chiqishga kelishildi. 

Shuningdek, O‘zbekistonning xalqaro ko‘rgazmalar va barqaror tekstil forumlaridagi ishtirokini kengaytirish, xalqaro brendlar bilan hamkorlikni kengaytirish va ular ishtirokida O‘zbekistonda xalqaro tadbirlarni tashkil etish imkoniyati ham istiqbolli yo‘nalish sifatida alohida qayd etildi.

Uchrashuv yakunida O‘zbekiston kelajakda ham qo‘shma tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini bildirdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling