Senatda AQShning Yuta shtati delegatsiyasi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 15-may kuni Senat Raisi Tanzila Narbayeva AQShning Yuta shtati Senati Raisi Styuart Adams boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashdi.
Uchrashuvda O‘zbekiston va AQSh munosabatlarining ijobiy surʼati, shu jumladan, parlamentlararo aloqalar kengayib borayotgani taʼkidlandi. Shu nuqtai nazardan AQSh Kongressidagi “O‘zbekiston bo‘yicha kokus” va Oliy Majlisdagi Parlamentlararo hamkorlik guruhining faoliyati yuqori baholandi.
Tomonlar ikki tomonlama hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini, shu jumladan, qonun ijodkorligi sohasida tajriba almashish, taʼlim va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirish, shuningdek, parlament diplomatiyasi doirasida sheriklikni kengaytirish masalalarini muhokama qildi.
Uchrashuv yakunida tomonlar O‘zbekiston va AQSh hamkorligini yanada chuqurlashtirish, shu jumladan, uni mintaqaviy va parlamentlararo darajada rivojlantirishdan o‘zaro manfaatdor ekanligini tasdiqladi.