Senat “Toʻlov tizimlarini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Senat “Toʻlov tizimlarini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Senat “Toʻlov tizimlarini rivojlantirish toʻgʻrisida”gi qonunni maʼqulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda raqamli to‘lov xizmatlari bozorini rivojlantirishga, moliyaviy xavf-xatarlarni kamaytirishga hamda to‘lov xizmatlari iste’molchilarining huquqlarini ta’minlashga qaratilgan izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.

Yalpi majlisda tijorat banklari, to‘lov tizimlari operatorlari va to‘lov tashkilotlarida bank kartalaridan foydalangan holda o‘g‘rilik hamda firibgarlik holatlari sodir etilishining oldini olishga qaratilgan zamonaviy tizimlar va boshqa himoya mexanizmlarini tashkil etish zarurati yuzaga kelayotgani ta’kidlab o‘tildi.

Qonun bilan O‘zbekiston Respublikasining “To‘lovlar va to‘lov tizimlari to‘g‘risida”gi, “O‘zbekiston Respublikasining Markaziy banki to‘g‘risida”gi, “Aksiyadorlik jamiyatlari va aksiyadorlarning huquqlarini himoya qilish to‘g‘risida”gi hamda “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi qonunlariga operatorlar hamda to‘lov tashkilotlari faoliyatini tartibga solishga, antifrod tizimini va biometrik identifikatsiya tizimlarini joriy etishga, shuningdek litsenziyalash jarayonlarini soddalashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.

Mazkur Qonun to‘lov xizmatlari bozorida xavfsizlikni ta’minlashga, moliyaviy firibgarliklarning oldini olishga, to‘lov tizimi operatorlari va to‘lov tashkilotlari faoliyatini yanada takomillashtirishga, shuningdek iste’molchilar huquqlarini samarali himoya qilishga xizmat qiladi.

Senatorlarning fikricha, Qonun raqobat muhitini ta’minlash, litsenziyalash jarayonlarini kamaytirish va banklarning to‘lov xizmatlari bozoridagi faoliyatini rag‘batlantirishga keng imkoniyatlar yaratadi.

Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling