Senat “Sug‘urta va elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Senat “Sug‘urta va elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Senat “Sug‘urta va elektron tijorat to‘g‘risida”gi qonunni ma’qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida sug‘urta xizmatlari bozorini va elektron tijorat sohasini yanada rivojlantirishga qaratilgan “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Keyingi yillarda mamlakatimizda sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish, raqamli xizmatlar orqali to‘lovlarni amalga oshirishni kengaytirish va to‘lov hujjatlariga sifatli hamda xavfsiz ishlov berish bilan bog‘liq moliyaviy texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha tizimli ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, sug‘urta sohasiga oid qonun hujjatlarining qabul qilinishi mazkur sohadagi qoidalarning bir xil qo‘llanilishini ta’minlash maqsadida amaldagi qonun hujjatlaridagi me’yorlarni muvofiqlashtirish zarurligini keltirib chiqarmoqda.

Bundan tashqari, elektron tijorat sohasi subyektlarining faoliyati samaradorligini oshirish, ushbu sohada tartibga solishni kuchaytirish, fuqarolar hamda xo‘jalik yurituvchi subyektlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish maqsadida samarali davlat nazoratini ta’minlash zarurati ortib bormoqda.

Senatorlar qayd etganidek, ushbu Qonun bilan amaldagi qonunchilikka sug‘urta xizmatlari iste’molchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish maqsadida vakolatli davlat organining nazorat vazifalarini kengaytirishni, sug‘urta bozorining boshqa professional ishtirokchilari faoliyatini tartibga solishni nazarda tutuvchi o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritilmoqda.

Shuningdek, Qonun bilan elektron tijorat operatorlari faoliyatini boshlaganlik yoki tugatganlik haqida vakolatli davlat organini xabardor qilish tartibi joriy etilib, mazkur faoliyatni boshlaganlik yoki tugatganlik to‘g‘risida vakolatli davlat organini xabardor qilmaslik uchun javobgarlik belgilanmoqda.

Senatorlar o‘z chiqishlarida ta’kidlaganidek, Qonun bilan sug‘urta xizmatlari bozorini yanada rivojlantirish orqali sug‘urta bozorining professional ishtirokchilari va sug‘urta xizmatlari iste’molchilari uchun qulay shart-sharoitlar yaratiladi, shuningdek, elektron tijorat sohasi takomillashtiriladi, operatorlar faoliyati ustidan samarali nazoratni yo‘lga qo‘yish hamda fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish ta’minlanadi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling