Senat sud-tibbiy faoliyati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat sud-tibbiy faoliyati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat sud-tibbiy faoliyati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida qonun ustuvorligini ta’minlash, sud-huquq tizimini izchil isloh etish hamda odil sudlov samaradorligini oshirishga qaratilgan muhim huquqiy hujjat – “Sud-ekspertlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, sud-ekspertlik faoliyati sud ishlarini har tomonlama, xolis va adolatli ko‘rib chiqishda hal qiluvchi ahamiyatga ega.
Sud ekspertizasi xulosalarining ilmiy asoslanganligi va ishonchliligi sud qarorlarining qonuniy, asosli va adolatli qabul qilinishi uchun muhim shart hisoblanadi.

Oxirgi yillarda sohada amalga oshirilayotgan islohotlar bilan birgalikda ayrim o‘z yechimini kutayotgan masalalar ham mavjudligi senatorlar tomonidan alohida qayd etildi.

Ushbu Qonun amalga oshirilayotgan islohotlarning mantiqiy davomi bo‘lib, sohadagi muammolarni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqilgan. Unda:

– nodavlat sud ekspertlarining huquqiy maqomi, ularni tashkil etish, faoliyat yo‘nalishlari belgilanmoqda, shuningdek, nodavlat sud-ekspertlariga byuro tashkil etgan holda yakka tartibda faoliyat yuritishga ruxsat berilmoqda;
– advokatning so‘roviga asosan hamda jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlariga muvofiq shartnoma asosida davlat va nodavlat sud ekspertlari tomonidan tadqiqotlar o‘tkazish tartiblari nazarda tutilmoqda;
– sud-ekspertlik faoliyatining yanada ishonchliligini oshirish maqsadida akkreditatsiya va validatsiya institutlari joriy etilmoqda;
– sud-ekspertiza muassasalari (tashkilotlari), sud ekspertlari hamda sud-ekspertiza tadqiqotlarida foydalaniladigan uslubiyotlar ro‘yxatining davlat reestrini yuritish yo‘lga qo‘yilmoqda;
– davlat sud-ekspertiza muassasalari ekspertlari hamda nodavlat sud ekspertlari faoliyati yuzasidan ekspert-malaka komissiyalari tuzilmoqda;
– sud ekspertlarining kasb-etika qoidalari va ekspertizani o‘tkazishga doir cheklovlar joriy qilinmoqda (ekspertning yaqin qarindoshi, nodavlat ekspertiza muassasasi mulkdori bo‘lsa va b.);
– Vazirlar Mahkamasi hamda vakolatli davlat organi sifatida Adliya vazirligining sud-ekspertlik sohasini davlat tomonidan tartibga solish sohasidagi vakolatlari aniqlashtirilmoqda;
– nodavlat sud ekspertlarini birlashtiruvchi, ularga yaqindan ko‘maklashuvchi Sud ekspertlari palatasini tashkil etish ko‘zda tutilmoqda;
– sud ekspertizasini chet davlatning sud ekspertlarini jalb qilish orqali o‘tkazish mexanizmlari belgilab berilmoqda.

Muhokama davomida senatorlar ta’kidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi sud-ekspertlik faoliyatining mustaqilligi va shaffofligini ta’minlash, inson huquq va erkinliklarini himoya qilish kafolatlarini mustahkamlash hamda fuqarolarning odil sudlovdan samarali foydalanish imkoniyatlarini kengaytirishga xizmat qiladi.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling