Senat Raisi Jenevada XMTning mintaqaviy byurosi direktori bilan uchrashdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida Xalqaro mehnat tashkilotining Yevropa va Markaziy Osiyo mamlakatlari bo‘yicha mintaqaviy byurosi direktori Beata Andres bilan uchrashuv o‘tkazdi.
Muloqot chog‘ida O‘zbekistonda mehnat sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar hamda XMTning so‘nggi tavsiyalari asosida mehnat qonunchiligini takomillashtirish yo‘nalishida olib borilayotgan ishlar haqida fikr almashildi.
B. Andres davlatimiz tomonidan kambag‘allikni qisqartirish va fuqarolar uchun munosib mehnat sharoitlarini yaratish borasidagi qatʼiy siyosatini alohida taʼkidladi.
Shuningdek, Yuriy Shterkning katta koordinator etib tayinlanishi hamda O‘zbekistonda XMTning mamlakat ofisini ochish tashabbusi uzoq muddatli hamkorlikni mustahkamlash yo‘lidagi muhim qadam sifatida eʼtirof etildi.
Suhbat chog‘ida 2026–2030-yillarga mo‘ljallangan Munosib mehnat bo‘yicha mamlakat dasturini ishlab chiqish, shuningdek, ish beruvchilar, kasaba uyushmalari va mehnat inspeksiyasi mutaxassislarining malakasini oshirish borasidagi hamkorlikni kengaytirish masalalari ham ko‘rib chiqildi.