Senat Raisi Jenevada mintaqaviy barqarorlik va global sheriklik masalalarini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Narbayeva Jeneva shahrida Parlamentlararo ittifoqqa aʼzo mamlakatlar parlamentlari ayol spikerlarining 15-sammiti doirasida qator xorijiy davlatlar parlamentlari rahbarlari va nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari bilan uchrashuvlar o‘tkazdi.
Xususan, “BMT – ayollar” tashkilotining Jenevadagi bo‘lim direktori Sofiya Kalltorp bilan bo‘lib o‘tgan suhbatda O‘zbekistonda xotin-qizlar huquqlarini taʼminlash va gender tenglikni qaror toptirishga qaratilgan islohotlar alohida eʼtirof etildi. Taʼlim, bandlik va oilaviy zo‘ravonlikka qarshi kurashish sohalarida amalga oshirilayotgan tizimli ishlar xalqaro tashkilotlar diqqat markazida ekani qayd etildi. Shuningdek, Termizdagi Afg‘oniston ayollari uchun tashkil etilgan taʼlim markazi faoliyati ham katta qiziqish uyg‘otdi.
Parlamentlararo hamkorlik masalalari Germaniya Federativ Respublikasi Bundesrati Spikeri Anke Relinger, Singapur parlamenti Spikeri Si Kean Peng, Vengriya Milliy Majlisi vitse-spikeri Yanosh Latorsay hamda Qozog‘iston parlamenti Majilisi Raisi Yerlan Qoshanov bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvlarda ham keng muhokama qilindi.
Uchrashuvlar davomida siyosiy, iqtisodiy va gumanitar sohalarda tajriba almashish, qo‘shma tashabbuslarni ilgari surish, parlamentlararo do‘stlik guruhlari faoliyatini faollashtirish kabi masalalarga eʼtibor qaratildi.
Xususan, Germaniya va Vengriya parlament aʼzolari bilan o‘zaro rasmiy tashriflar bilan almashish kun tartibida ekani qayd etildi. Singapur bilan davlat boshqaruvini modernizatsiya qilish, raqamlashtirish va korrupsiyaga qarshi kurashish borasida hamkorlikni kengaytirish yuzasidan kelishuvlarga erishildi. Qozog‘iston parlament delegatsiyasi bilan esa, mintaqaviy barqarorlik va strategik sheriklikni mustahkamlash masalalari yuzasidan fikr almashildi.