Senat pirotexnika mahsulotlarining muomalasi to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Pirotexnika buyumlarining muomalasi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda pirotexnika buyumlarini qonunga xilof muomalasining oldini olish bo‘yicha tadbirlar samaradorligini oshirishga qaratilgan tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.
Biroq masʼul vazirlik va idoralar tomonidan aniq maqsadli tadbirlar o‘tkazilishiga qaramasdan, respublika hududiga pirotexnika vositalarini chetdan noqonuniy olib kirish holatlarini to‘liq qamrab olishning imkoni bo‘lmayotgani qayd etildi.
Fuqarolarning hayoti va sog‘lig‘ini, jismoniy va yuridik shaxslarning mol-mulkini muhofaza qilish bo‘yicha chora-tadbirlarni yana-da kuchaytirish, shuningdek, huquqiy taʼsir choralarini qo‘llash chog‘ida mutanosiblikning konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini taʼminlash maqsadida pirotexnika buyumlarining muomalasiga oid cheklovlarni qonun darajasiga olib chiqish zarurati yuzaga kelmoqda.
Mazkur Qonun bilan pirotexnika buyumlari tushunchasi ochib berilmoqda. Pirotexnik tarkibning yonishi (portlashi) yordamida optik, akustik, elektr va boshqa vizual effektlarni hosil qilish uchun mo‘ljallangan qurilmalar pirotexnika buyumlari sinfiga kirishi, ushbu buyumlarning xavflilik I–V sinflariga bo‘linishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, pirotexnika buyumlarining erkin va cheklangan muomalasi belgilab qo‘yilmoqda.
Jumladan, xavflilikning I sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalari, yaʼni bengal mayoqchalari, stol fontanlari, xlopushka kabi xavfli hudud radiusi 0,5 metrdan oshmaydigan pirotexnika buyumlari erkin muomalada bo‘lishi aniq qayd etilmoqda. Mazkur sinfga kiruvchi pirotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, ularni saqlash, foydalanish va boshqa turdagi harakatlar uchun hech qanday taqiq bo‘lmaydi.
Fuqarolar va jamoat xavfsizligiga yuqori xavf manbai hisoblanishi sababli xavflilikning II sinfiga kiruvchi pirotexnika vositalarining, yaʼni petardalar, ochiq maydonlarda foydalanishga mo‘ljallangan pirotexnik fontanlar kabi xavfli hudud radiusi 5 metrgacha bo‘lgan pirotexnika buyumlarining muomalasi fuqarolar va yuridik shaxslar uchun to‘liq taqiqlanmoqda.
Xavflilikning II–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlarini jismoniy va yuridik shaxslar tomonidan ishlab chiqarish, tayyorlash, O‘zbekiston Respublikasi hududiga olib kirish, tashish, jo‘natish, o‘tkazish, sotib olish, saqlash va ulardan foydalanishga yo‘l qo‘yilmaydi. Biroq davlat ishtirokidagi mudofaa sanoati korxonalari tomonidan ushbu buyumlarni ishlab chiqarishga, tayyorlashga, saqlashga, tashishga va o‘tkazishga ruxsat beriladi.
Xavflilikning III–V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan mushakbozlik tashkil etilishi belgilangan ommaviy tadbirlar o‘tkazishda, xavflilikning II – V sinflariga kiruvchi pirotexnika buyumlaridan sanoat va harbiy maqsadlarda O‘zbekiston Respublikasi hududida foydalanish mumkin bo‘ladi.
Pirotexnika buyumlarining muomalasi ustidan davlat nazorati O‘zbekiston Respublikasi Milliy gvardiyasi, ichki ishlar va bojxona organlari tomonidan amalga oshirilishi mustahkamlanmoqda.
Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda pirotexnika buyumlaridan noqonuniy foydalanganlik (1851-modda) uchun belgilangan maʼmuriy jazo chorasi kuchaytirilmoqda. Jumladan, ushbu turdagi qonunbuzarlik uchun amaldagi bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan yigirma baravarigacha miqdordagi jarima jazosi bazaviy hisoblash miqdorining o‘n besh baravaridan yigirma besh baravarigacha oshirilmoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida mazkur Qonun mamlakatimizga pirotexnika vositalarini olib kirish, ishlab chiqarish, tashish, saqlash, sotish va ulardan foydalanish sohasida samarali davlat nazoratini o‘rnatish, ular noqonuniy aylanishining oldini olish, shuningdek, isteʼmolchilarning huquqlari himoya qilinishini taʼminlashga qaratilganiga alohida urg‘u berdi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.