Senat Oʻzbekistondagi ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi
Senat Oʻzbekistondagi ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi toʻgʻrisidagi qonunni maʼqulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Ekologik toza hududlarning huquqiy maqomi belgilanishi munosabati bilan “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda tabiiy hududlarni muhofaza qilish, ularning maydonini kengaytirish, tabiiy majmualarni, o‘simlik va hayvonot dunyosining noyob turlarini saqlab qolish bilan bog‘liq zarur choralar ko‘rilmoqda. Natijada muhofaza etiladigan tabiiy hududlarning umumiy maydoni 6,3 mln gektarni tashkil etib, ularning mamlakat hududidagi ulushi 14,2 foizga yetkazilgan.
Shuningdek, tog‘li hududlarning turistik salohiyatidan samarali foydalanish, tadbirkorlik uchun qulay sharoitlar yaratish, kurortlar, mehmonxonalar, madaniy-sog‘lomlashtirish va boshqa infratuzilma obyektlarini barpo etish orqali qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratish maqsadida turistik zonalar tashkil etilmoqda.
O‘z navbatida kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarning ekologik toza hududlarini va ularning rejimining qonuniy asoslarini belgilash zarurati ham yuzaga kelmoqda.
Shundan kelib chiqib, “Muhofaza etiladigan tabiiy hududlar to‘g‘risida”gi Qonunga qo‘shimcha kiritilib, kurort tabiiy hududlar va rekreatsiya zonalarida joylashgan, atrof tabiiy muhitga taʼsiri meʼyorlardan oshmaydigan, energiya samarador infratuzilmalar bilan taʼminlangan, chiqindilarni samarali boshqarish tizimi joriy etilgan, yuqori rekreatsiya va ekoturizm salohiyatiga hamda boy biologik xilma-xillikka ega bo‘lgan hududlar ekologik toza hududlar hisoblanishi belgilanmoqda.
Shuningdek, mazkur hududlarda ekologik tizimlarning barqarorligiga taʼsir ko‘rsatadigan, tabiiy landshaftlarning ko‘rinishi hamda yer osti suvlarining gidrogeologik holati o‘zgartirilishiga olib keladigan ishlarning olib borilishi, tabiiy obyektlarga va majmualarga salbiy taʼsir qiluvchi sanoat obyektlarining qurilishi hamda faoliyat ko‘rsatishi taqiqlanmoqda.
Senatorlarning fikricha, Qonunning qabul qilinishi ekologik xavfsizlikni taʼminlash, ekoturizmni rivojlantirish, tabiiy obyektlarni saqlash, biologik xilma-xillikni muhofaza qilish hamda mamlakatimizning xalqaro miqyosda ekologik nufuzini yuksaltirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.