Valyuta kurslari 12/03/2026
$1 – 12135.76
UZS – -0,18%
€1 – 14067.77
UZS – -0,7%
₽1 – 153.40
UZS – -0,38%
Qidirish
Senat Oʻzbekistonda jinoyatchilikning oldini olish choralarini koʻrib chiqdi

Senat Oʻzbekistonda jinoyatchilikning oldini olish choralarini koʻrib chiqdi

Senat Oʻzbekistonda jinoyatchilikning oldini olish choralarini koʻrib chiqdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi majlisida Ichki ishlar vazirligining mamlakatimizda huquqbuzarliklarning oldini olish borasida 2025-yilda amalga oshirilgan ishlar yuzasidan axboroti eshitildi.

Qayd etilganidek, hisobot davrida respublikamizda oldi olinishi mumkin bo‘lgan, lekin sodir etilgan jinoyatlarning 89,3 foizi (36 421 tasi) fosh etilgan.

Tezkor-qidiruv va tergov harakatlari davomida 9 921 nafar qidiruvdagi shaxs ushlangan, 600 nafar bedarak yo‘qolgan fuqaro topilgan. Bevosita mahallalarda jinoyatchilikni jilovlash bo‘yicha amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida 9 008 ta mahallaning 4 034 tasida (44,8 foiz) jinoyat umuman  sodir etilmagan.

Kriminogen vaziyat tahliliga ko‘ra mahallalarning 44,8 foizi “yashil”, 47,9 foizi “sariq” va 7,4 foizi “qizil” toifaga kiritilgan.

Profilaktik choralar natijasida oldini olish mumkin bo‘lgan jinoyatlar 4,6 foizga, yoshlar o‘rtasidagi jinoyatlar 15,1 foizga, ayollar tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 14,2 foizga, guruh tomonidan sodir etilgan jinoyatlar 13,1 foizga, voyaga yetmaganlar o‘rtasidagi jinoyatchilik 11 foizga va mast holatda sodir etilgan jinoyatlar 5,6 foizga kamaygan.

“102” xizmati orqali kelib tushgan 2,5 milliondan ortiq murojaatlar ko‘rib chiqilib, qariyb 1,4 millionta huquqbuzarlikning oldi olingan.

Shu bilan birga, ayrim muammolar saqlanib qolayotgani taʼkidlandi. 2025-yilda respublika bo‘yicha 155 002 ta jinoyat ro‘yxatga olingan bo‘lib, har 100 ming aholiga nisbatan 412,9 tani tashkil etgan.

Ushbu ko‘rsatkich Toshkent shahrida 942,6, Toshkent viloyatida 544, Sirdaryo viloyatida 440,3 va Navoiy viloyatida 449,6 tani tashkil etgan.

Jinoyatlarning 49,6 foizi axborot texnologiyalari orqali sodir etilgani qayd etildi.

Narkojinoyatlar sohasida 15 412 ta jinoyat qayd etilib, 3 tonna 775 kg giyohvandlik vositalari musodara qilingan. 15 ta narkolaboratoriya aniqlangan.

Shuningdek, raqamli iqtisodiyot sohasida nazorat mexanizmlari yetarli emasligi sababli 53 ta noqonuniy mayning ferma tomonidan davlatga 20,6 mlrd so‘m zarar yetkazilgani maʼlum qilindi.

2025-yilda yoshlar tomonidan 13 639 ta jinoyat sodir etilganligini inobatga olib, Qo‘mita majlisida yoshlar bilan ishlash samaradorligini oshirish zarurligi alohida taʼkidlandi.

Qo‘mita aʼzolari tomonidan sohada mavjud kamchiliklarni bartaraf etish, profilaktika ishlarini kuchaytirish, axborot texnologiyalari orqali sodir etilayotgan jinoyatlarga qarshi kurashish hamda mahallalarda manzilli ishlash tizimini takomillashtirish yuzasidan Qo‘mitaning aniq taklif va tavsiyalari aks etgan qarori qabul qilindi.

Shu bilan birga, Qo‘mita majlisida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning axboroti ham eshitildi.

Muhokama yakunlari bo‘yicha Qo‘mitaning tegishli qarorlari qabul qilindi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling