Valyuta kurslari 19/12/2025
$1 – 12021.61
UZS – -0,32%
€1 – 14092.93
UZS – -0,26%
₽1 – 150.44
UZS – 0,25%
Qidirish
Senat “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunni rad etdi

Senat “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunni rad etdi

Senat “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunni rad etdi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatorlar yalpi majlisda “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonunini ko‘rib chiqdi.

Qayd etilganidek, uy-joy munosabatlarini huquqiy tartibga solishning yaxlit tizimi mavjud emasligi uy-joy siyosatini izchil amalga oshirishni murakkablashtirib, o‘z navbatida, sohadagi davlat boshqaruvini qayta ko‘rib chiqishni hamda tartibga solishning samarali mexanizmlarini joriy etishni talab qilmoqda. Bundan tashqari, Uy-joy kodeksi va Fuqarolik kodeksida nazarda tutilgan va bir-birini takrorlaydigan ayrim normalar o‘zaro zid bo‘lib, huquqni qo‘llash jarayonida turli nizoli holatlarni keltirib chiqarmoqda.

Ushbu muammolarni bartaraf etish maqsadida “O‘zbekiston Respublikasining Uy-joy kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida”gi Qonun ishlab chiqilgan.

Senatorlar tomonidan olib borilgan o‘rganish va tahlillar Qonunda qayta ko‘rib chiqilishi lozim bo‘lgan masalalar mavjudligini ko‘rsatdi.

Xususan, Kodeksning 7-moddasida Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligining ko‘p kvartirali uylardan texnik jihatdan foydalanish normalari hamda qoidalariga rioya etish ustidan nazoratni amalga oshirishi belgilangan.

“Ko‘p kvartirali uylarni boshqarish to‘g‘risida”gi Qonunda esa ushbu vakolatlar Uy-joy kommunal xizmat ko‘rsatish vazirligi huzuridagi Ko‘p kvartirali uy-joy fondidan foydalanish sohasini nazorat qilish inspeksiyasiga berilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023-yil 28-avgustdagi PF-151-sonli Farmoniga asosan Ko‘p xonadonli uy-joy fondidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi, Ichimlik suvidan foydalanishni nazorat qilish inspeksiyasi va Qurilish sohasida nazorat inspeksiyasi negizida Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasi tashkil etilgan.

Yuqoridagilarni inobatga olib, Kodeksning 7-moddasida belgilangan Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi vazirligi vakolatlarini qayta ko‘rib chiqish maqsadga muvofiq ekanligi qayd etildi.

Kodeksning 30-moddasida turar joyni mulkdorlar bilan tuziladigan shartnoma asosida buzish va o‘rnida yangi bino qurish tartibi belgilangan bo‘lsa, 36-moddasida ham turar joylarni buzish va ularning o‘rnida yangi turar joylar qurish nazarda tutilgan.

Bir munosabat Kodeksning 2 ta moddasida takror bayon qilinayotganligi sababli 30 va 36-moddalarini muvofiqlashtirish lozimligi taʼkidlandi.

Bundan tashqari, Kodeksning 40-moddasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj 5 toifa shaxslar ko‘rsatilgan.

Ushbu toifalarni belgilashda asos sifatida olingan Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 26-fevraldagi 170-sonli qarori bilan tasdiqlangan Uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolarni hisobga olish, davlat uy-joy fondidagi turar joylarni taqsimlash va taqdim etish tartibi to‘g‘risidagi nizom bekor qilingan.

Uning o‘rniga Vazirlar Mahkamasining 2024-yil 11-martdagi 124-sonli qarori bilan Davlat uy-joy fondidan foydalanish va uni tasarruf etish tartibi to‘g‘risidagi nizom tasdiqlangan.

Ushbu Nizomda 5 ta toifadan tashqari uy-joy ajratilayotgan aholi punktida kamida uch yil yashayotgan va ro‘yxatda turgan fuqarolar ham uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar hisoblanishi belgilangan.

Bu o‘rinda uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan fuqarolar toifasini qayta ko‘rib chiqish lozim bo‘ladi.

Senatorlar ushbu Qonunda yana boshqa bir-biriga zid normalar hamda amalga oshirilgan maʼmuriy islohotlar doirasida qayta tashkil etilgan inspeksiyalar masalalariga alohida eʼtibor qaratdi.

Yuqoridagilarni inobatga olib, senatorlar Qonunni rad etdi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling