Senat Ombudsmanning 2025 yilgi hisobotini ko‘rib chiqdi
Senat Ombudsmanning 2025 yilgi hisobotini ko‘rib chiqdi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 14-yalpi majlisida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2025-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi ma’ruzasi (hisoboti) ko‘rib chiqildi.
Ta’kidlanganidek, Ombudsman instituti 2025-yilda yangi konstitutsiyaviy qoidalar asosida inson huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlari to‘g‘risidagi qonunchilikka rioya etilishi ustidan ta’sirchan parlament nazoratini olib borish, sohaga oid milliy qonunchilik hamda milliy preventiv mexanizmni takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, shuningdek fuqarolarning huquqiy ongi va madaniyatini oshirishda bir qator ishlarni amalga oshirgan.
2025-yilda Ombudsman nomiga 26 372 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, bu 2024-yilga nisbatan 12,6 foizga ko‘pdir. Hududlar kesimida eng ko‘p murojaatlar Qashqadaryo (4 159 ta), Surxondaryo (2 769 ta) viloyatlari va Toshkent shahri (3 599 ta) hissasiga to‘g‘ri kelgan. Eng kam murojaatlar Qoraqalpog‘iston Respublikasi (681 ta) va Sirdaryo viloyatidan (696 ta) kelib tushgan.
Senatning 2025-yil 18-martdagi tegishli Qarori ijrosi yuzasidan eng ko‘p murojaat yuborilgan hududlar – Qashqadaryo viloyatining Koson hamda Surxondaryo viloyatining Denov tumanlariga tashrif buyurilib, 20 dan ortiq mahallada fuqarolar bilan ochiq muloqotlar o‘tkazildi. Ularda murojaatlarda ko‘tarilgan masalalar mas’ul idoralar va fuqarolik jamiyati institutlari vakillari ishtirokida muhokama qilindi. Natijada murojaatlar bilan ishlash tizimini takomillashtirish bo‘yicha takliflar ishlab chiqilib, Senatning Sud-huquq masalalari va korrupsiyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga kiritilgan.
Shuningdek, xotin-qizlarga nisbatan zo‘ravonlik holatlariga oid Ombudsmanga yuborilayotgan murojaatlar sonining ortgani sababli ayollar huquqlarini ta’minlash borasidagi qonun hujjatlarining amaldagi ijrosi samaradorligini o‘rganish hamda parlament nazoratini kuchaytirish maqsadida Ombudsman tashabbusi bilan 2025-yilda “Tenglik va hurmat” platformasi ishga tushirildi. Reabilitatsiya markazlarida 150 nafardan ortiq zo‘ravonlikka uchragan ayollar bilan jamoaviy va yakka tartibda suhbatlar o‘tkazilib, ularga yordam ko‘rsatildi. O‘rganish yakunlariga ko‘ra Ombudsman takliflari ishlab chiqilib, Oliy Majlisning palatalariga kiritilgan.
Senatning 2025-yil 18-martdagi tegishli Qarori ijrosi yuzasidan Ombudsman murojaatlarni tizimli tahlil qilish orqali qonunchilikdagi mavjud bo‘shliqlar va huquqni qo‘llash amaliyotidagi muammolarni aniqlashga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, 2025 yilda inson huquqlari va erkinliklarini ta’minlashni yanada mustahkamlashga qaratilgan 3 ta qonun loyihasi ishlab chiqildi. Qonunchilik tashabbusi tartibida kiritilgan 1 ta qonunchilik taklifi Qonunchilik palatasi tomonidan ko‘rib chiqilib, qabul qilindi. Shuningdek, Ombudsman tavsiyasi asosida davlat organlari tomonidan 11 ta normativ-huquqiy hujjatlar ishlab chiqildi.
Murojaatlarni o‘rganish va monitoring tashriflari natijasida inson huquqlari sohasidagi qonunbuzarliklarni bartaraf etish yuzasidan 194 ta ta’sir chorasi kiritilib, ularning 82 foizi ijobiy hal etildi.
2025-yilda murojaatlar asosida fuqarolar foydasiga jami 11 mlrd 82 mln so‘m mablag‘ undirildi. Jumladan, 3 mlrd 936 mln so‘m uy-joy kompensatsiyalari, 2 mlrd 715 mln so‘m ish haqi va mehnat munosabatlariga oid to‘lovlar (shundan 409,3 mln so‘m mahkumlarning ish haqi), 3 mlrd 361 mln so‘m qarzdorlik va zararlarni qoplash, 604 mln so‘mdan ortiq aliment to‘lovlari undirilishi ta’minlandi.
Inson huquqlarini buzgan 118 nafar mas’ul shaxs intizomiy, ma’muriy va jinoiy javobgarlikka tortildi.
Harakatlanish erkinligi cheklangan shaxslar saqlanadigan joylarga 954 marotaba monitoring tashrifi amalga oshirildi (2024-yilda 902 ta). 11 mingdan ortiq mahkum va mahbuslar bilan jamoaviy, 5 487 nafar shaxs bilan xoli tarzda suhbatlar o‘tkazildi. Aniqlangan kamchiliklar yuzasidan kiritilgan taqdimnomalar asosida bir qator muassasalarda shart-sharoitlar yaxshilandi, 8,5 mlrd so‘mdan ortiq mablag‘ ajratildi, Toshkent viloyatining Chinoz, Qibray va Yuqorichirchiq tumanlaridagi vaqtincha saqlash hibsxonalari tugatildi.
Xalqaro yo‘nalishda Ombudsman Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlarning Osiyo–Tinch okeani forumiga a’zo bo‘ldi, Rossiya Federatsiyasining Inson huquqlari bo‘yicha vakili bilan 2025–2026 yillarga mo‘ljallangan “Yo‘l xaritasi” imzolandi, Daniya Ombudsmani hamda Germaniyaning Fridrix Ebert jamg‘armasi bilan hamkorlik memorandumlari tuzildi.
Lekin yalpi majlisda e’tibor qaratilishi lozim bo‘lgan ayrim kamchilik va muammolar ham kuzatilayotgani ta’kidlab o‘tildi.
Xususan, 2025-yilda Ombudsmanga kelib tushgan murojaatlar soni (26 372 ta) 2024-yilga nisbatan 2 950 taga yoki 12,6 foizga ortgan.
2025-yilda Ombudsmanga yo‘llangan murojaatlar kesimiga e’tibor berilsa, jami murojaatlarning 32 foizini iqtisodiy huquq yo‘nalishidagi murojaatlar tashkil etishi va bu ko‘rsatkich 2024 yilga nisbatan 26 foizga oshgani ma’lum bo‘ladi. Ushbu yo‘nalishdagi murojaatlarning aksariyati sud qarorlaridan norozilik, xususiy mulk kafolatlari hamda fuqarolarning mehnat huquqlari va boshqa masalalarga taalluqli bo‘lgan.
2025-yilda xotin-qizlarga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik, oilada ayolning tahqirlanishi hamda shaxsiy hayotga o‘zboshimchalik bilan aralashish masalalari bo‘yicha 585 ta murojaat kelib tushgan bo‘lib, 2024-yilga (294 ta) nisbatan 291 taga yoki 99 foizga oshgan. Bu ko‘rsatkich mazkur yo‘nalishdagi muammolarning dolzarbligi saqlanib qolayotganini hamda profilaktika va himoya mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini ko‘rsatadi.
Shuningdek, Ombudsmanning mintaqaviy vakillariga ushbu organ Devonidan hamda fuqarolardan to‘g‘ridan-to‘g‘ri 7 010 ta murojaat kelib tushgan (2024-yilda 3 857 ta). Bu qabul qilingan jami murojaatlarning 26,6 foizini tashkil etgan.
Muhokamalar davomida qonunchilikda belgilangan ta’sir choralaridan samarali foydalanish, murojaatlarni eng ko‘p kelib tushgan hududlar kesimida o‘rganish, mintaqaviy vakillarning qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llashning oldini olish bo‘yicha faoliyatini takomillashtirish yuzasidan tegishli vazifalar belgilandi.
Ushbu masalani ko‘rib chiqish yakuni bo‘yicha Senatning tegishli qarori qabul qilindi.