Senat nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi
Senat nogironligi bo'lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlarni kengaytirish to'g'risidagi qonun loyihasini ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun qizg‘in muhokama qilindi.
Muhokama jarayonida senatorlar tomonidan mamlakatimizda ijtimoiy himoya sohasida, ayniqsa nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlash va ularga qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish maqsadida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani taʼkidlab o‘tildi.
Xususan, so‘nggi vaqtlarda nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatilayotgan ijtimoiy xizmatlar doirasi tobora kengayib bormoqda hamda aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalari huquqlarining kafolatlari kuchaytirilmoqda.
Mazkur Qonun bilan nogironligi bo‘lgan bolalarga ko‘rsatiladigan kunduzgi parvarish xizmatidan foydalanadigan ota-ona tomonidan har bir farzand uchun to‘lanadigan oyiga 3 mln so‘mgacha bo‘lgan to‘lovlar soliq solinmaydigan daromadlar toifasiga kiritilishi belgilanmoqda.
Bundan tashqari, davlat-xususiy sheriklik asosida uch yoshdan o‘n sakkiz yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolalar uchun bunday xizmatlarni ko‘rsatuvchi tadbirkorlik subyektlari ham barcha turdagi soliqlarni 2030-yil 1 yanvarga qadar to‘lashdan ozod qilinishi nazarda tutilmoqda, ijtimoiy soliq bundan mustasno.
Shuningdek, jamoat transportidan bepul foydalanuvchi fuqarolar toifasi ham kengaymoqda.
Senatorlar o‘z chiqishlarida tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan, tegishli bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan xotin-qizlarni yo‘llanma bo‘yicha davlat tashkilotlariga ishga joylashtirish belgilanayotganini alohida taʼkidladi.
Muhokama jarayonida ushbu Qonun nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish ko‘lamining kengayishiga, aholining ijtimoiy ehtiyojmand ayrim toifalariga qo‘shimcha qulayliklar yaratilishiga hamda ularning ishga joylashishga doir huquqlari kafolatlanishiga xizmat qilishi qayd etildi.
Muhokama yakunida senatorlar Qonunni maʼqulladi.