Senat mehnat huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi

Senat mehnat huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi

Senat mehnat huquqlarini mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasini ma’qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Fuqarolarning mehnat huquqlari kafolatlari kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni muhokama qilindi.

Ta’kidlanganidek, keyingi yillarda O‘zbekiston Respublikasida mehnat munosabatlari demokratik, insonparvarlik va adolat tamoyillari asosida huquqiy tartibga solinmoqda.

Xususan, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 42-moddasida har kim munosib mehnat qilish, kasb va faoliyat turini erkin tanlash, xavfsizlik va gigiyena talablariga javob beradigan qulay mehnat sharoitlarida ishlash, mehnati uchun hech qanday kamsitishlarsiz hamda mehnatga haq to‘lashning belgilangan eng kam miqdoridan kam bo‘lmagan tarzda adolatli haq olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlab qo‘yilgan.

Muhokama qilingan Qonun milliy qonunchilikni Xalqaro mehnat tashkilotining konvensiyalariga muvofiqlashtirish maqsadida ishlab chiqilgan bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 98-moddasiga muvofiq Senat tomonidan qonunchilik tashabbusi tartibida Qonunchilik palatasiga kiritilgan.

Qonun Jinoyat, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Fuqarolik protsessual, Mehnat kodekslariga hamda “O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida”gi va “Kasaba uyushmalari to‘g‘risida”gi qonunlarga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritishni nazarda tutadi.

Jumladan, Mehnat kodeksida ish tashlash bu xodimlarning mehnat, ijtimoiy-iqtisodiy va kasbiy manfaatlarini himoya qilish maqsadida ish beruvchi bilan jamoaviy mehnat nizosini hal etish usuli sifatida mehnat majburiyatlarini vaqtincha, ixtiyoriy va birgalikda to‘liq yoki qisman bajarishdan tiyilish ekanligi mustahkamlanmoqda. Shuningdek, ish tashlash huquqi kafolatlanmoqda, ish beruvchi va mehnat organlarini xabardor qilish tartib-taomillari va boshqa huquq hamda majburiyatlar belgilanmoqda.

Senatorlar ushbu Qonunning hayotga tatbiq etilishi milliy qonunchilikni xalqaro standartlarga moslashtirishga, ish tashlash jarayonini qonuniy asosda tartibga solgan holda jamoat xavfsizligi va ijtimoiy tartibni ta’minlashga, O‘zbekistonning inson huquqlariga rioya qiluvchi davlat sifatidagi imijini mustahkamlashga, xalqaro tashkilotlar doirasidagi nufuzini oshirishga xizmat qilishini, shuningdek, xorijiy investitsiyalarni jalb etish uchun keng yo‘l ochib berishini ta’kidladilar.

Muhokama yakunida senatorlar Qonunni ma’qulladi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling