Senat litsenziyalash va ruxsat berish tartib-qoidalariga oid qonun hujjatlariga kiritilgan o‘zgartishlarni ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisida “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
So‘ngi yillarda mamlakatimizda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini yana-da takomillashtirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Majlisda davlat xizmatlarini ko‘rsatishda byurokratizmni va maʼmuriy to‘siqlarni bartaraf etilayotgani, shu jumladan aholining masofadan turib elektron davlat xizmatlaridan mustaqil ravishda foydalanish imkoniyatlarini kengaytirilayotgani taʼkidlab o‘tildi.
Shu bilan birga, senatorlar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari talablari buzilganidan keyin huquqbuzar tomonidan jarima ixtiyoriy ravishda to‘langanda jarima miqdoriga nisbatan imtiyoz qo‘llash amaliyotini joriy etish zarurati yuzaga kelayotganligiga alohida urg‘u berdi.
Xuddi shunday jarima solish to‘g‘risidagi qarorlarni maxsus elektron tizim vositasida rasmiylashtirish, litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini O‘zbekiston Respublikasi norezidenti bo‘lgan chet el yuridik shaxslari tomonidan amalga oshirish borasida ayrim ochiq qolgan masalalarni huquqiy jihatdan tartibga solish zaruriyati yuzaga kelmoqda.
Ushbu Qonun bilan “Litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari to‘g‘risida”gi, “Davlat boji to‘g‘risida”gi, “Yong‘in xavfsizligi to‘g‘risida”gi, “Eksport nazorati to‘g‘risida”gi va “Turizm to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonunlariga, shuningdek, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi hamda Bojxona kodekslariga litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Mazkur o‘zgartirish va qo‘shimchalar litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillarini soddalashtirishga, huquqbuzar tomonidan jarima ixtiyoriy ravishda to‘langan taqdirda unga nisbatan imtiyozlar qo‘llanilishini, litsenziyalash tartib-taomillari davlat xizmatlari markazlari orqali ham amalga oshirilishini taʼminlashga xizmat qiladi.
Yalpi majlis davomida Qonun qizg‘in muhokama qilinib, uning kelgusida tadbirkorlik sohasidagi majburiy talablarni qisqartirish orqali tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishda qulay shart-sharoitlar taʼminlashga keng imkoniyatlar yaratishga xizmat qilishi yuzasidan fikrlar bildirildi.
Muhokama yakunida mazkur Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.