Senat ko'chmas mulk faoliyati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Senat ko'chmas mulk faoliyati to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning yalpi majlisida “Rieltorlik faoliyati to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Mamlakatimizdagi ko‘chmas mulk bozori so‘nggi yillarda jadal sur’atlar bilan rivojlanmoqda, yangi turar joy massivlari barpo etilmoqda, ipoteka bozori kengaymoqda, investitsiyaviy faollik ortib bormoqda. Shu bilan birga, bozorda norasmiy vositachilarning ko‘payishi, “yashirin iqtisodiyot”ning saqlanib qolishi va ayrim hollarda fuqarolarning huquqlari buzilishi kabi salbiy holatlar ham uchramoqda.
Yalpi majlisda senatorlar rieltorlik faoliyatini tartibga solish sohasidagi normativ-huquqiy hujjatlarning zamonaviy tendensiyalar va qonunchilikdagi o‘zgarishlarga muvofiqligini qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelayotganini ta’kidladilar.
Mazkur Qonunda rieltorlik faoliyatining asosiy prinsiplari belgilanmoqda, bu qonuniylik, xolislik, halollik, axborot maxfiyligi va manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘ymaslikni o‘z ichiga oladi. Ushbu qoidalar orqali har bir rieltor yoki ko‘chmas mulk agenti o‘z mijoziga halol xizmat ko‘rsatish, uning ishonchini oqlash majburiyatini oladi.
Rieltorlar professional jamoat birlashmalarining sohaga kirib kelishi ushbu Qonun bilan kiritilayotgan normalarning muhim jihatlaridan biridir, ya’ni Qonunda jamoat birlashmalari o‘zini o‘zi boshqarishning asosiy mexanizmlaridan biri sifatida belgilanmoqda. Ular sertifikatlar beradi, rieltorlarning malakasini baholaydi va ularning kasbiy xulq-atvori ustidan nazorat olib boradi.
Senatorlar o‘z chiqishlarida qayd etganidek, Qonunning asosiy maqsadlari biznesning “soyadan” chiqishini rag‘batlantirish uchun shart-sharoitlar yaratish, ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash, legal biznes yuritishning nufuzini oshirish, yashirin iqtisodiyotga qarshi kurashishga keng jamoatchilikni jalb qilishdir.
Shuningdek, yalpi majlis davomida senatorlar mazkur Qonun ko‘chmas mulk bozori ishtirokchilarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta’minlashga, shuningdek, iste’molchilar huquqlarini samarali himoyalashga xizmat qilishini ta’kidladi.
Muhokama yakunida Qonun ma’qullandi.