Valyuta kurslari 01/08/2025
$1 – 12692.42
UZS – 0,8%
€1 – 14511.24
UZS – -0,24%
₽1 – 158.44
UZS – 3,0%
Qidirish
O‘zbekiston 01/08/2025 Senat Kengashi tomonidan to‘qqizinchi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi

Senat Kengashi tomonidan to‘qqizinchi yalpi majlisni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Joriy yilning 31-iyul kuni Oliy Majlis Senati Kengashining navbatdagi majlisi bo‘lib o‘tdi.

Kengash tomonidan Senatning to‘qqizinchi yalpi majlisini joriy yil 1-avgust kuni chaqirish to‘g‘risida qaror qabul qilindi.

Yalpi majlis kun tartibiga mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy, huquqiy va inson huquqlari sohalarida amalga oshirilayotgan islohotlarni yana-da rivojlantirishga qaratilgan bir qator muhim masalalar kiritilgan.

Jumladan, majlisda litsenziyalash, ruxsat berish va xabardor qilish tartib-taomillari yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritishga, muvofiqlikni baholash organlarining masʼuliyatini yana-da oshirishga hamda mahsulotlarni o‘z ixtiyori bilan chaqirib olgan tadbirkorlarga yengillik berishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish, shuningdek mediatsiya institutini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirishlarga doir qonunlar muhokama qilinadi.

Shuningdek, Senat aʼzolari tomonidan “Xalqaro metrik Konvensiyaga (Parij, 1875-yil 20-may, 1907-yil 17-oktabrdagi, 1913-yil 11-oktabrdagi va 1921-yil 6-oktabrdagi o‘zgartirish va qo‘shimchalar bilan) O‘zbekiston Respublikasining qo‘shilishi haqida”gi Qonun ko‘rib chiqiladi, Bosh prokurorning prokuratura organlarining 2024-yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisoboti eshitiladi.

Bundan tashqari, hududlarda infratuzilmani rivojlantirish va qurilishlarni tartibga solish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga hamda dorivor o‘simliklarni yetishtirish, qayta ishlash, ularga kvota ajratish hamda sohada ilmiy tadqiqotlar olib borish yuzasidan esa tegishli vazirga parlament so‘rovlari yuborish masalalari ham muhokama qilinadi.

 To‘qqizinchi yalpi majlisning kun tartibi davlat boshqaruvi, iqtisodiyot, sog‘liqni saqlash, taʼlim, sud-huquq sohalaridagi islohotlar samaradorligini oshirishga xizmat qiladigan masalalarni qamrab olgan.

Yalpi majlis doirasida hukumat aʼzolari, tegishli vazirlik va idora rahbarlarining axborotlarini eshitish hamda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan atroflicha muhokamalar olib borish rejalashtirilgan.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling