Senat jamoatchilikni himoya qilish va eksportni rag'batlantirish uchun Oziq-ovqat xavfsizligi to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Senat jamoatchilikni himoya qilish va eksportni rag'batlantirish uchun Oziq-ovqat xavfsizligi to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.
Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda mamlakatimizda oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari sifatini va eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Biroq amaldagi qonunchilik hujjatlarida tadbirkorlik subyektlarining doimiy ravishda xavfsiz oziq-ovqat mahsulotini ishlab chiqarish majburiyati va masʼuliyati belgilanmagan.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligini taʼminlash tizimi xalqaro talablarga to‘liq javob bermasligi natijasida respublikamizda oziq-ovqat mahsuloti isteʼmoli bilan bog‘liq kasalliklar, ovqatdan zaharlanish holatlari kuzatilmoqda, bu esa, o‘z navbatida, aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlash, sohada nazoratni kuchaytirish hamda mahsulot xavfsizligining umumiy tamoyillarini xalqaro talablardan kelib chiqqan holda belgilashga yo‘naltirilgan qonunchilikni takomillashtirish zaruratini yuzaga keltirmoqda.
Qonun bilan oziq-ovqat mahsuloti xavfsizligini taʼminlashning asosiy prinsiplari, vakolatli davlat organlarining sohadagi vakolatlari aniq belgilanmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi sohasidagi munosabatlarni muvofiqlashtirish maqsadida Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligi bo‘yicha idoralararo kengash faoliyati yo‘lga qo‘yilishi nazarda tutilmoqda.
Oziq-ovqat mahsulotining xavfsizligiga doir sanitariya choralari, qoida va normalarni ishlab chiqish hamda qo‘llash tartibi sanitariya va fitosanitariya choralarini qo‘llash bitimi talablari bilan uyg‘unlashtirilmoqda.
Senatorlarning fikricha, ushbu Qonunning qabul qilinishi aholini xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlari bilan taʼminlashga, sohada davlat nazoratini kuchaytirishga, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning raqobatbardoshligini hamda oziq-ovqat sohasining investitsiyaviy jozibadorligini va eksport hajmini oshirishga xizmat qiladi.
Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.