 
                            
                                Senat "Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi" to‘g‘risidagi qonunni ma’qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning o‘n birinchi yalpi majlisida “Ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi yana-da takomillashtirilishi munosabati bilan “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Qonunining 431 hamda 432-moddalariga o‘zgartirishlar va qo‘shimcha kiritish haqida”gi Qonun muhokama qilindi.
Majlisda keyingi yillarda mamlakatimizda jamiyat va davlat hayotini keng isloh qilish, amalga oshirilgan sud-huquq islohotlari doirasida sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish tizimini takomillashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilayotganligi qayd etildi.
Ayniqsa, zamonaviy axborot-texnologiyalarining imkoniyatlaridan foydalangan holda ijro tartib-taomillarini yana-da soddalashtirish, sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlari so‘zsiz va o‘z vaqtida ijro etilishini taʼminlash, jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlarini samarali himoya qilish hamda ijro ishi yurituvida turli byurokratiya va sansalorliklarga chek qo‘yishga qaratilgan qator normativ-huquqiy hujjatlar qabul qilib kelinayotganligi taʼkidlandi.
Ushbu Qonun bilan ijro ishini yuritishning soddalashtirilgan tartibi pochta va (yoki) videokonferensaloqa xarajatlarini, kommunal xizmatlar to‘lovi yuzasidan qarzdorlikni, ko‘p kvartirali uylar mulkdorlarining majburiy badallarini yoki to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni, shuningdek bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan ko‘p bo‘lmagan miqdordagi summani undirish to‘g‘risidagi ijro hujjatlariga nisbatan tatbiq etilishi nazarda tutilmoqda.
Senatorlar ushbu Qonunning tatbiq etilishi qarzdorliklarni soddalashtirilgan tartibda undirish ko‘lamini yana-da kengaytirishga, ijro hujjatlari bo‘yicha undiruv samaradorligi va tezkorligining oshirishga hamda Majburiy ijro byurosi xodimlarining (davlat ijrochilarining) ish yuklamasini kamayishiga xizmat qilishini taʼkidladi.
Muhokama yakunida Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.