Senat hakamlik sudlarini takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Senat hakamlik sudlarini takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning navbatdagi yalpi majlisida “Hakamlik sudlari faoliyati yana-da takomillashtirilishi hamda byudjet intizomi kuchaytirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama qilindi.
Taʼkidlanganidek, mamlakatimizda sud-huquq tizimida amalga oshirilayotgan islohotlar inson huquqlarini ishonchli himoya qilish, sud hokimiyatining nufuzini oshirish va sudlarning chinakam mustaqilligini taʼminlashga xizmat qilmoqda.
Hakamlik sudlari nizolarni muqobil hal etish mexanizmi sifatida fuqarolar va tadbirkorlik subyektlarining huquq va manfaatlarini himoya qilishda muhim o‘rin tutadi. Biroq tahlillar ushbu sudlar faoliyatida qator tizimli muammolar mavjudligini ko‘rsatgan.
Xususan, 2021–2023 yillarda ayrim hududlarda hakamlik sudlari tomonidan davlat organlari ishtirok etgan ishlar bo‘yicha qabul qilingan 47 ta qaror vakolatli sudning ijro varaqasi berilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri ijro etilgan. 2019–2023 yillarda esa Davlat byudjetidan 222,2 mlrd so‘mni undirish haqida 870 ta noqonuniy qaror qabul qilingan.
Ayrim hakamlik sud sudyalarining malakasi yetarli emasligi, sudlar faoliyatini tashkil etishdagi talablarning qayta ko‘rib chiqilmaganligi, nazorat mexanizmlarining yo‘qligi ushbu muammolarga olib kelayotganligi qayd etildi.
Hozirgi vaqtda 287 ta hakamlik sudi va 1,5 mingdan ortiq hakamlik sudyalari faoliyat yuritadi, ularning ko‘pchiligi turli sohalarda asosiy ish joyiga ega bo‘lib, professional tayyorgarlik darajasi yuqori emas.
Mazkur Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi, Byudjet, Fuqarolik protsessual va Iqtisodiy protsessual kodekslarga, shuningdek “Hakamlik sudlari to‘g‘risida”gi va “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonunlarga muhim o‘zgartirishlar kiritilmoqda.
Jumladan, hakamlik sudini tashkil etish hamda sudyalik vazifasini bajarish uchun qo‘shimcha talablar belgilanmoqda, hakamlik sudyalarining bilim va ko‘nikmalarini oshirish tartibi kengaytirilmoqda, davlat organlari, tashkilotlari va muassasalari hamda davlat ishtirokidagi korxonalar, shuningdek fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan hakamlik bitimlarini tuzganlik uchun maʼmuriy javobgarlik qo‘llash nazarda tutilmoqda.
Byudjet kodeksiga g‘aznachilikda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan shartnomalar asosida tovar, ish va xizmatlarni qabul qilib olganlik holati byudjet intizomini buzish sifatida belgilanmoqda.
Senatorlar taʼkidlaganidek, Qonunning qabul qilinishi hakamlik sudlari faoliyati ochiqligi va samaradorligini oshiradi, Davlat byudjetidan noqonuniy chiqimlarning oldini oladi, adolatli qarorlarni qabul qilishga xizmat qiladi hamda davlat manfaatlarining ishonchli himoyasini taʼminlaydi.
Muhokamadan so‘ng senatorlar Qonunni maʼqulladi.