Valyuta kurslari 31/10/2025
$1 – 12025.22
UZS – 0,29%
€1 – 13969.70
UZS – 0,07%
₽1 – 149.36
UZS – -0,9%
Qidirish
Senat dala chetlaridan foydalanishni takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat dala chetlaridan foydalanishni takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Senat dala chetlaridan foydalanishni takomillashtirish to'g'risidagi qonunni ma'qulladi

Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning 11-yalpi majlisida “Dala chetlarida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun ko‘rib chiqildi.

Taʼkidlanganidek, so‘nggi yillarda qishloq xo‘jaligini rivojlantirish, oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, sohaning eksport salohiyatini oshirish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.

Biroq dala chetlariga ekin ekmaslik va yil davomida mahsulot yetishtirmaslik holatlari aholini asosiy turdagi oziq-ovqat mahsulotlari bilan kafolatli taʼminlashga hamda bozorlarda mahsulotlarning tannarxiga sezilarli taʼsir ko‘rsatmoqda.

Bu esa, o‘z navbatida, sohada boshqaruv tizimini takomillashtirish, yer egalari, yerdan foydalanuvchilar va ijarachilar tomonidan yerlardan oqilona va samarali foydalanishni yo‘lga qo‘yish zaruratini yuzaga keltirmoqda.

Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga o‘zgartirishlar kiritilmoqda. Xususan, ikkilamchi ijaraga olgan ijarachilarga qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yer uchastkalarining dala chetlaridagi kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofida qonunchilikka muvofiq qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish belgilangan maydonlarda va muddatlarda maqbul ekin ekilmaganligi uchun maʼmuriy jarima qo‘llash nazarda tutilmoqda.

Shuningdek, Soliq kodeksida dala chetlaridagi bunday maydonlarda maqbul ekin ekilmagan taqdirda, mazkur yer uchastkasining ekin ekilmagan qismi uchun yer solig‘i stavkasini uch baravar miqdorda hisoblash belgilanmoqda.

Senatorlar tomonidan Qonunning qabul qilinishi natijasida qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan sug‘oriladigan yer uchastkalarining dala chetlari hamda kanallar, sug‘orish va kollektor-drenaj tarmoqlari atrofidagi maydonlarda mahsulot yetishtirilishini samarali tashkil qilishga, sug‘oriladigan yerlardan unumli va to‘laqonli foydalanishga erishiladi, degan fikr bildirildi.

Muhokama yakunida ushbu Qonun senatorlar tomonidan maʼqullandi.

Eng so'nggi yangiliklardan xabardor bo'ling
Telegram kanalimizga obuna bo'ling