Senat byudjet jarayonini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildi
Senat byudjet jarayonini takomillashtirishga qaratilgan qonun loyihasini muhokama qildi
Toshkent, O‘zbekiston (UzDaily.uz) — Senatning Budjet va iqtisodiy masalalar qo‘mitasining bugungi majlisida “Budjet jarayoni takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida”gi Qonun muhokama etildi.
Muhokama davomida Qo‘mita aʼzolari so‘nggi yillarda fuqarolarni budjet jarayoniga jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish orqali budjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash, ularning maqsadli sarflanishi ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish borasida tizimli ishlar amalga oshirilayotganligini qayd etdi.
Qonun bilan Maʼmuriy javobgarlik, Budjet va Fuqarolik kodekslari hamda boshqa bir qator qonunlarga byudjet jarayonini takomillashtirishga qaratilgan o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish nazarda tutilmoqda.
Jumladan, budjet mablag‘laridan foydalanish samaradorligini oshirish va jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida byudjet hisoboti turlari kengaytirilmoqda.
Shu bilan birga birinchi darajali byudjet mablag‘larini taqsimlovchilarning masʼuliyatini oshirish maqsadida byudjet mablag‘laridan foydalanish bilan bog‘liq maqsadli indikatorlarning bajarilishi to‘g‘risidagi hisobotlarni Qonunchilik palatasi qo‘mitalarida har chorak yakunida eshitib borish amaliyoti joriy etilmoqda.
Qo‘mita aʼzolari mazkur Qonun fuqarolarni budjet jarayoniga keng jalb qilish imkoniyatlarini kengaytirish, budjet mablag‘larini taqsimlashda shaffoflikni taʼminlash va ulardan maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni kuchaytirishga qaratilganligini alohida taʼkidladi.
Muhokama yakunida Qo‘mitaning tegishli qarori qabul qilindi.